Yaponiyalik investorlar Fargʻona ipakchilik mahsulotlariga qiziqish bildirdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Iyun 2022 972

    Fargʻona viloyati hokimligida pillachilik sohasida hamkorlik boʻyicha Fargʻona viloyatiga tashrif buyurgan Yaponiyaning Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), “Sunshine YUIS Advisers” LLC , Shin-Masuzawa kogyo, Co.,LTD kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Fargʻonada ikkinchi bor boʻlib turganini bildirgan Yaponiya ipak va ipak iplarini rivojlantirish kooperatsiyasi eksperti Yukio Kobayashi tashrifdan maqsad viloyatdagi ipak mahsulotlari sifati bilan yaqindan tanishish va eksport hajmini oshirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish ekanligini maʼlum qildi.

    Viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev hamkorlikning yangi bosqichi sifatida Fargʻona viloyati hududida ipakchilik sohasiga ixtisoslashgan Yapon-oʻzbek ilmiy tadqiqot markazi ochish taklifini bildirdi.

    Shuningdek, Fargʻona viloyatida ishlab chiqarilgan ipak mahsulotlari uchun xorijiy davlatlarda qiziqish yuqori ekanini taʼkidladi.

    Lekin, yapon tajribasini joriy etgan holda mahsulot sifatini yanada oshirish va Yaponiya bozorlari talabiga moslashtirish yoʻnalishidagi hamkorlik yanada koʻproq natija beradi.

    Bu borada kunchiqar yurtdan kelgan ekspertlar hamkorlik uchun tayyorligini maʼlum qildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Ikki kun davomida mehmonlar Fargʻona shahridagi “Fargʻona Agropilla” MCHJ, “Fargʻona tut ipak qurti urugʻchiligi” MCHJ, Fargʻona tumanidagi “Vodiy Ipak yigiruv” shoʻba korxonasi va yana bir qator obyektlar bilan tanishadi.