Yaponiyalik tadbirkor bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 22 Oktabr 2021 587

    Toshkent shahar hokimligida Yaponiyaning AOIKAI Medical Corporation korporatsiyasi vitse-prezidenti Tamai Xiroshi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shahar hokimi oʻrinbosari Sharof Rahmonov va mutasaddilar muzokaralar oldidan mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutladilar.

    Oʻzaro muloqot davomida Toshkent va Tokio shaharlari oʻrtasida doʻstona hamkorlik oʻrnatilganligi, Toshkent shahar hokimligi va Nagoya meriyasi oʻrtasida sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanganligi, shuningdek, poytaxtimizda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish, yaponiyaliklar bilan birgalikda iqtisodiyot, sanoat, transport, taʼlim, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilganligi qayd etildi.

    AOIKAI Medical Corporation Yaponiyadagi nufuzli korporatsiya boʻlib, tibbiyot yoʻnalishida uzoq yillardan beri faoliyat olib boradi. Kompaniya vitse-prezidenti Tamai Xiroshi qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, xususan, Toshkentda vakolatxona ochish, shuningdek, bir qator loyihalarni amalga oshirish rejasi borligini maʼlum qildi.

    Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sh. Rahmonov mehmonga Yaponiya davlati mamlakatimizga ishonchli hamkorligi, u bilan ishlash sharafli ekanligini, doimo hamkorlikka tayyorligini, yaponiyalik tadbirkorlar uchun shahar hokimligi har tomonlama yordam berishga shayligini bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.