Yaponiyalik taniqli qoʻshiqchi va sozanda Mashu Komazaki «Oʻzbek madaniyati elchisi« etib tayinlandi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
Mazkur loyiha Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, yurtimiz boy madaniy merosi, xususan milliy musiqasi va kuylarini kunchiqar mamlakatda keng targʻib qilish maqsadida mamlakatimiz elchixona tomonidan Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Mashu Komazakini Yaponiyadagi «Oʻzbek madaniyati elchisi« etib tayinlashga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, yapon jamoatchiligini yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qoʻshayotgan munosib hissasi uchun Komazaki Mashu xonimga «Oʻzbek madaniyati elchisi« koʻkrak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirdi.
Elchi «Oʻzbek madaniyati elchisi« degan maqom birinchi boʻlib Yaponiya fuqarosiga berilgani, albatta Oʻzbekiston hukumati tomonidan Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning tasdigʻi ekanligini taʼkidladi. Ushbu yuksak maqom Komazaki Mashuga Yaponiyada Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini yanada targʻib qilishida keng imkoniyatlar ochilishi qayd etildi.
Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi boʻlib olganidan benihoya baxtli ekanligini bildirib, yuksak ishonch uchun Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
«Oʻzbek madaniyati elchisi« maqomi mening keyingi faoliyatimda katta imkoniyatlar yaratishi bilan bir qatorda masʼuliyat hamdir. Shu kungacha Yaponiyada tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda oʻzbek milliy kuy va qoʻshiqlarini ijro etganimdan soʻng, koʻplab yapon tomoshabinlari «Mashu xonim, ochigʻini aytsak, Sizning ijroingiz orqali Buyuk ipak yoʻlidagi sirli mamlakat haqida bizda yorqin tasavvurlar paydo boʻldi. Biz Siz bilan Oʻzbekistonga tashrif buyurishni xohlar edik«, degan soʻzlarni eshitganimda sanʼat inson qalbiga naqadar chuqur taʼsir qilishidan hayratlanaman. Bu meni yanada koʻproq ijod qilishga va Yaponiyada yurtingiz ixlosmandlari sonini oshirishga ilhomlantiradi«, dedi u.
Tadbirda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targʻib qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, OAVda Oʻzbekiston haqida turkum materiallarni eʼlon qilish boʻyicha kelishib olindi.
Mashu Komazaki Tokio shahrida tugʻilgan. 2010-yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017-yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik koʻngillilari (JOCV) dasturi boʻyicha Buxoro shahridagi oʻrta umumtaʼlim maktabida musiqa oʻqituvchisi sifatida ishlagan. Oʻzbekistondagi faoliyati davomida oʻzbek milliy musiqa asboblari, xususan dutor chalishni oʻrgangan. U 2018-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Birinchi xalqaro maqom sanʼati anjumanida oʻzbek dutorida «Sunbula« kuyini ijro etib, faxrli uchinchi oʻrinni egalladi. 2024-yilda oʻtkazilgan «Sharq taronalari« xalqaro musiqa festivali va «Boysun bahori« xalqaro folklor festivalida ham faxrli uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.