Yaponiyaning eng yirik turizm assotsiatsiyasi Oʻzbekistonga yapon sayyohlar guruhlarini yuborishga qiziqish bildiryapti

    Turizm 28 Sentabr 2024 536

    Tokio shahrida Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev va Yaponiyaning Sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) direktorlar kengashi raisi Hiroyuki Takahashi oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida davlatlar oʻrtasida sayyohlik oqimini oshirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    H. Takahashi Yaponiyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimining oʻsishini va yapon jamoatchiligining mamlakatimizni ziyorat qilishga boʻlgan qiziqishining ortib borayotganini taʼkidladi.

    Muzokaralar natijasida yapon turizm kompaniyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonga yapon sayyohlarining katta guruhlarini yuborishni, PR-kampaniyalar oʻtkazishni va Yaponiyaning eng yirik OAV va turistik kompaniyalar vakillari uchun Oʻzbekistonda press va info turlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.