Amaliy safar doirasida Ogura Fabrics korxonasi prezidenti Xisaxide Ogura bilan muzokaralar o'tkazildi. Ogura Fabrics korxonasi ipakchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo'ljallangan korxona bo'lib, o'z faoliyatini 1895- yilda boshlagan. Korxona mahsulotlari North Face kabi bir qator taniqli brendlar tomonidan qo'llanilgan, Yaponiya imperator oilasi tomonidan korxona mahsulotlaridan sovg'a tariqasida foydalanilgan, shuningdek, korxona Tokio-2020 olimpiya o'yinlari uchun maxsus suvenir mahsulotlari - sharf tayyorlagan. Hozirgi paytda Ogura Fabrics nafaqat ipak, balki sintetik va kimyoviy tolalardan ham matolar ishlab chiqarmoqda.
Xisaxide Ogura uning korxonasi mukammal texnologiyalarga egaligi va unda yuqori sifatli - raqobatdosh ipak va sintetik mahsulotlar tayyorlanishini ma'lum qildi. U xorijiy mamlakatlar, jumladan, O'zbekistonning ipakchilik sohasidagi korxonalari bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ma'lum qildi.
Shu bilan birga, hozirda Yaponiyada ipak mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha mutaxassislar etishmasligi, xususan, uning korxonasidagi xodimlarning aksariyatini ko'p yillardan buyon faoliyat yuritadigan keksa yoshdagi ishchilar tashkil qilishini ma'lum aytdi. SHu munosabat bilan, yurtimizdan ipakchilik sohasidagi yosh kadrlarni jalb qilish borasida amaliy yordam so'radi.
O'z o'rnida, O'zbekiston – ipakchilik sohasida boy tajriba va yuksak salohiyatga ega bo'lgan mamlakat ekanligi ma'lum qilindi. Bugungi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va uning istiqbollari to'g'risida ma'lumotlar yapon tomoni vakillarida katta qiziqish uyg'otdi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimizning tegishli kompaniyalari bilan hamkorlik o'rnatish masalalarini muhokama qilish maqsadida yaqin fursatlarda onlayn muzokaralar o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.