Osiyo-Tinch okeani suv forumi 2006-yilda Yaponiya bosh vaziri Ryutaro Xashimoto tashabbusi bilan taraqqiyotning 8 ta ustuvor maqsadi – Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishish uchun suv resurslarini barqaror boshqarishni rivojlantirish uchun tashkil etilgan. Ushbu ustuvor yoʻnalishlarga jamoatchilikning toza va ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, suv infratuzilmasini takomillashtirish, daryo havzalari va suv omborlarini qayta taʼmirlash va boshqa yoʻnalishlar kiradi.

Sammitda Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 49 mamlakatidan Davlat va hukumat rahbarlari, tegishli vazirlik rahbarlari, xususiy sektor va xalqaro jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.

Bu yilgi Sammitning mavzusi “Barqaror rivojlanish uchun suvni boshqarishda keyingi avlodlar uchun eng yaxshi amaliyot” boʻldi. Tadbir mintaqada suv xavfsizligini taʼminlash zarurati va aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda suv resurslaridan foydalanish va taqsimlash bilan bogʻliq ilgʻor tajriba bilan almashish hamda dolzarb masalalarni muhokama qilishga qaratildi.

Sammitga Osiyo-Tinch okeani suv sammiti Qoʻshma Ijroiya qoʻmitasi raisi, Osiyo-Tinch okeani suv forumi prezidenti, shuningdek Yaponiya suv forumi prezidenti Yoshiru Mari moderatorlik qildi.

Maʼlumot uchun: 2004-yilda tashkil qilingan Yaponiya suv forumi Osiyo-Tinch okeani suv forumining kotibiyati funksiyasini bajarib turadi. Uning vazifalari global suv muammolari sohasida tadqiqotlar oʻtkazish va tavsiyalar tayyorlash, Yaponiyada toʻplangan suvdan samarali foydalanish bilan bogʻliq nou-xau va texnologiyalar bilan tanishishga koʻmaklashish, shuningdek Yaponiya va xorijdagi suv resurslari yoʻnalishidagi manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Yaponiya suv forumining korporativ aʼzolari Yaponiyaning 85 yetakchi kompaniyasidir. Forum suv xoʻjaligi sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun tomonlarni birlashtiruvchi maydonchadir.

Bevosita va onlayn tarzda oʻtkazilgan Sammitning ochilishida Yaponiya Imperatori Naruxito mamlakatning suv resurslaridan samarali foydalanish mexanizmlarini ilgari surish boʻyicha tajribasi haqida soʻzladi va Yaponiyaning ushbu sohadagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha milliy ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Ochilish marosimi yakunida sammitda ishtirok etuvchi delegatsiyalari rahbarlarining uchrashuvlari, shuningdek, uning biznes dasturiga kiritilgan boshqa tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Sammitning muhim ahamiyatga ega boʻlgan tadbirlaridan biri oliy darajadagi yalpi majlis boʻlib, unda tadbir kun tartibidagi asosiy masalalar muhokama qilindi. Yigʻilishda soʻzga chiqqan S.Umurzakov Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan foydalanish sohasidagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasini bildirdi. Mamlakatimizda 2021-2023-yillarda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasi, shuningdek, qishloq xoʻjaligida va mamlakat sanoat korxonalarida suvni tejaydigan texnologiyalar va yuqori texnologik tizimlarni keng miqyosda tatbiq etishni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha Suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgani va tasdiqlangani taʼkidlandi. Orol inqirozi bilan bogʻliq muammolar va ularni bartaraf qilish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, Sammit doirasida yosh avlod uchun platforma va qishloq xoʻjaligida suv isteʼmolini kamaytirish va suvdan samarali foydalanish borasida tajriba, axborot va strategiyalar almashishning samarali mexanizmini yaratish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Shu nuqtayi nazardan, Orolboʻyi mintaqasida iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholining hayot sifatini oshirish va Orol dengizining qurib qolishi bilan bogʻliq ekologik oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast jamgʻarmasining amaliy faoliyati muhimligi taʼkidlandi.

Sammitning birinchi kuni yakunlari boʻyicha “Kumamoto Deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjat jamiyatni transformatsiyalash va uni hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilish, investitsiyalarni koʻpaytirish va inson salohiyatini yuksaltirish boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlarda suv muammolarini hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud resurslarni va koʻp tomonlama hamkorlik vositalarini safarbar qilish boʻyicha aniq takliflarni oʻz ichiga oldi.

Deklaratsiya, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining ilmiy-texnik hamjamiyatini suv muammolarini hal qilish uchun oʻziga xos iqlim, geografik, milliy sharoitlarni hisobga olgan holda suv xoʻjaligi sohasidagi innovatsiyalarni ishlab chiqish va hayotga joriy qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Sammit 23 va 24-aprel kunlari oʻz ishini davom ettiradi. Ikki kunlik tadbir davomida bir vaqtning oʻzida 9 ta tematik mashgʻulotlar, turli koʻrgazmalar, shuningdek 4 ta birlashgan sessiyalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.