Yaponiyaning mashhur Mixo muzeyida Oʻzbekiston madaniy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi

    Yaponiyaning jahonga mashhur Mixo muzeyida “Sivilizatsiyalar mushtarakligi: Qadimiy Markaziy Osiyodan Sharqiy Osiyoga (Connecting Civilizations: From Ancient Central Asia to East Asia)” nomli koʻrgazma ochildi.

    Ushbu koʻrgazmada Baqtriya-Margʻiyona arxeologiya majmuiga taalluqli boʻlgan 130 dan ortiq buyumlar taqdim qilingan boʻlib, ular orqali Markaziy va Sharqiy Osiyoning qadimdan oʻzaro bogʻliq ekanligi, xususan, bunda sugʻdiylarning oʻrni alohidaligi namoyish qilingan.

    Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinhoʻja Abdurahmonov mazkur koʻrgazmaning tashkil qilinganligi uchun muzey maʼmuriyatiga minnatdorlik bildirdi hamda bunday tadbirlar ikki mamalakat madaniy-gumanitar aloqalari, xususan, ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini rivojlantirishda yuqori ahamiyatga egaligini qayd etdi.

    Shuningdek, joriy yil Oʻzbekiston va Yaponiya diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligi va strategik munosabatlarning 20 yilligini keng nishonlayotganligi hamda oʻtgan davr mobaynida ikki mamlakat oʻzaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik tamoyillari asosida barcha jabhalarda oʻzaro aloqalarni rivojlantirib kelayotganligi mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

    Mixo muzeyi direktori Isao Kumakura koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli 3 yillik tanaffusdan soʻng Markaziy Osiyo madaniy merosiga bagʻishlangan bunday katta koʻrgazmaning tashkil qilinishidan mamnun ekanligi hamda ushbu tadbir orqali yapon hamjamiyatining yurtimiz va uning tarixiga boʻlgan qiziqishi yanada ortishiga umid bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, Mixo muzeyi Yaponiyaning tarixiy poytaxti – Kiotodan uncha uzoq boʻlmagan hududda joylashgan.

    Mixo muzeyida Misr va Mesopotamiyadan tortib Xitoygacha hamda qadimgi Amerika tamadduniga oid buyumlar toʻplangan. Toʻplamda, shuningdek, Markaziy Osiyo tarixiga doir qadimgi Baqtriya madaniyatidan boshlab ilk oʻrta asrlar davriga mansub sanʼat namunalari salmoqli miqdorda mavjud. Mazkur toʻplamdagi eng qadimiy buyumlar eramizdan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlariga oid boʻlib, ular Baqtriya-Margʻiyona arxeologiya majmuiga tegishlidir.

    Markaziy Osiyoga doir toʻplamdagi buyumlarning asosiy qismi miloddan avvalgi I ming yillikda Oks (Amudaryo) vohasidagi zardushtiylar sanʼatiga tegishlidir. Milodiy VI asrga oid tobut taxtasi bir muncha keyingi obyektlarga mansub boʻlib, unda sugʻdlarning turmush tarzi aks etgan.

    Mixo muzeyi direktori Isao Kumakura muzey tarixi, faoliyati hamda koʻrgazma xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi:

    – Mixo muzeyining binosi Parijdagi Luvr muzeyining oynali piramidasi kabi asarlari bilan mashhur boʻlgan artitektor Io Min Pey tomonidan loyihalashtirilgan.

    Muzey shaharlardan yiroqda – oʻrmon ichida yashil tabiat qoʻynida joylashgan boʻlib, uning joylashuvining falsafiy jihati – doimo qayta tashrif buyurish imkoni mavjud boʻlgan “Shaftoli vodiysi”ni yaratishdan iborat boʻlgan.

    Bevosita bugungi koʻrgazma faoliyatiga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsam, bizning muzey bir necha yillar davomida Markaziy Osiyo tarixiga oid koʻplab qadimiy buyumlarni toʻplash imkoniyatiga ega boʻlganimizga qaramay, dunyodagi epidemilogik vaziyat sababli ularni taqdim qila olmadik. Shu jihatdan ham ilk marotaba tashkil etilayotgan “Sivilizatsiyalar mushtarakligi: Qadimiy Markaziy Osiyodan Sharqiy Osiyoga” koʻrgazmasining ochilishi biz uchun yuqori ahamiyatga ega.

    Mixo muzeyi bosh tadqiqotchisi Xajime Inagakining taʼkidlashicha, muzey tashkil etilgandan keyin oʻtgan 20 yil ichida yapon mutaxassis va olimlari tomonidan qator davlatlarda arxeologik qazishmalar olib borgan hamda topilgan artefaktlarning tadqiqoti amalga oshirilib, koʻplab tarixiy paradokslarning yechimini topishga, muzeyda saqlanayotgan va nomaʼlum boʻlgan yodgorliklarning tarixini oʻrganishga erishilgan.

    Ushbu izlanishlar va yutuqlar bugungi Markaziy Osiyoga, xususan, sugʻdiylar tarixi bagʻishlangan koʻrgazmani tashkil etishda tamal toshi sifatida xizmat qilgan.

    Koʻrgazmada 130 taga yaqin eksponat taqdim qilingan boʻlib, ular orqali sugʻdiylar madaniyati Bronza davridan Oʻrta asrlarga qadar sivilizatsiya rivojida muhim oʻrin tutganini bilish mumkin

    Koʻrgazma joriy yil 11-dekabriga qadar davom etadi.