Yaponiyaning Nagoya shahrida “Toshkent kunlari” oʻtkaziladi

    Xalqaro hamkorlik 3 Noyabr 2020 944

    Yaponiyaning Tyubu mintaqasidagi kompaniyalarni oʻzaro manfaatli hamkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi delegatsiyasining Nagoya shahriga tashrifi chogʻida Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining Tyubu mintaqasidagi ofisi direktori Tomoko Masuda bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tyubu — Yaponiyaning markaziy qismidagi Xonsyu orolida joylashgan. Mintaqada 21,7 million aholi istiqomat qiladi. U Aichi, Fukui, Gifu, Ishikava, Nagano, Niigata, Siduoka, Toyama va Yamanashi kabi toʻqqizta prefekturani oʻz ichiga olgan.

    Tomoko Masuda bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun mintaqa kompaniyalarini jalb etish, xususan, Nagoya shahrida doimiy ishbilarmonlik seminarlari amaliyotini davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

    Muhokamalar yakunida Nagoya shahrida “Toshkent kunlari” doirasida shahar maʼmuriyati koʻmagida joriy yil 18-dekabrda biznes-seminar tashkil etish imkoniyatlarini ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.