Yaponiyaning Nagoya shahrida Toshkentning turizm salohiyati taqdimoti oʻtkazildi

    Turizm 22 Dekabr 2021 1859

    Nagoya xalqaro markazida shahar meriyasi va “H.I.S.” sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turizm salohiyati, xususan, Toshkent shahri va Nagoya bilan hamkorligiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

    Gibrid shaklida uyushtirilgan tadbirda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Nagoya meriyasi va sayyohlik kompaniyasi vakillari tomonidan taqdimotlar oʻtkazildi.

    Toshkent va Samarqand shaharlaridan gid-tarjimonlar onlayn shaklda Oʻzbekistonning turizm salohiyati va Toshkent shahrining koʻzga koʻringan maskanlari toʻgʻrisida shaharga sayohat qilgan holda soʻzlab berdi.

    Tadbir doirasida Toshkent shahri tomonidan ikki shahar hamkorligi aks etgan maxsus bezatilgan avtobusning taqdimoti ham oʻtkazildi. Joriy yil dekabrdan Toshkent shahrida qatnovchi 20 ta avtobusni “Toshkent va Nagoya hamkor shaharlar” yozuvi va rasmlari bilan bezatilganligi haqida maʼlumot berildi.

    Shuningdek, taqdimotda Toshkent va Nagoya shaharlari oʻrtasida turizm va madaniyat yoʻnalishida ikkala shaharni targʻib qilishga qaratilgan ishlar bilan ishtirokchilar tanishtirildi.

    Oʻzbekiston taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi va qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Pandemiya bilan bogʻliq vaziyat yaxshilangandan soʻng Oʻzbekistonga tashrif buyurishga chorlandi.

    Tadbirda Oʻzbekiston hunarmandchilik buyumlaridan iborat milliy stend tashkil qilinib, yurtimiz salohiyati va Toshkent shahri haqidagi materiallar hamda “I.M. Corporation” kompaniyasi tomonidan import qilingan quruq mevalardan foydalanilgan holda tayyorlangan shirinliklar tarqatildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.