Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 9 Noyabr 2023 997

    Joriy yil 8-noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yaponiyaning yangi tayinlangan Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi azaliy doʻstlik, yuksak darajadagi diplomatik munosabatlar, turli soha va tarmoqlardagi samarali hamkorlik aloqalariga eʼtibor qaratildi.

    Xususan, elchi T.Xatori Oʻzbekiston soʻnggi yillarda tashqi siyosatda faol boʻlib, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash orqali Markaziy Osiyodagi tinchlik muhitiga yanada ishonch ortishiga xizmat qilayotganini aytib oʻtdi.

    Muloqot davomida tomonlar iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari diqqat markazda boʻldi.

    Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini oshirish ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Oxirgi 6 yil ichida yapon kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 8 baravar oshdi. Yaponiyaning “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Isuzu” va boshqa kompaniyalari, shuningdek, JICA xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida sanoat, tabiiy resurslar, taʼlim sohalarida loyihalar amalga oshirilyapti.

    Mamlakatlar salohiyatidan kelib chiqib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, jumladan ikki mamlakat yosh tadbirkorlar forumini oʻtkazish muhimligi aytib oʻtildi.

    Uchrashuvda asosiy eʼtibor parlament diplomatiyasiga qaratildi. Mazkur yoʻnalishdagi muloqotlar Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol oʻynashi qayd etilib, ikki tomonlama aloqalar va oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, mamlakatlarimiz oʻrtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlashda parlamentlar salohiyatini ishga solish muhimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ayniqsa, taʼlim yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar bundan buyon ham Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi.