Yaponiyaning shimoliy qismida 7,0 magnitudali zilzila sodir bo'ldi

    Yaponiya meteorologiya agentligining xabar berishicha, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:21 da Yaponiyaning Xokkaydo orolining shimoli-sharqiy chekkasida Rixter shkalasi bo'yicha 7,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo'ldi.

    1 metrgacha bo'lgan sunami xavfi mavjud edi, ammo uning haqiqiy balandligi 10 santimetrdan oshmadi. Shunga qaramay, qirg'oqbo'yi hududlarda yashovchi taxminan 10 000 aholiga evakuatsiya qilish tavsiya qilindi. Ular aftershoklar ehtimoli haqida ogohlantirildi.

    Politsiya bosh qarorgohiga ko'ra, hudud jiddiy zarar ko'rmadi, faqat ba'zi binolarning devorlarida yoriqlar bor. Hech kim jarohat olmadi.

    Zilzila epimarkazi Tokati yaqinidagi dengiz tubida 20 kilometr chuqurlikda joylashgan. Orolning ma'muriy markazi Sapporo yaqinidagi Titose aeroporti uchish-qo'nish yo'lagini tekshirish uchun vaqtincha yopildi.

    “Xokkaydo denreku” kompaniyasining ma'lumotlariga ko'ra, “Tomari” atom elektr stantsiyasi hech qanday zarar ko'rmadi va bir maromda ishlamoqda.

    1995-yilda Kobe shahrida sodir bo'lgan 7,3 magnitudali zilzila taxminan 6500 kishining hayotiga zomin bo'ldi va jiddiy zarar yetkazgan edi, deb xabar berdi ria.ru.