Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi.
Hozirda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasi toʻliq yopilgan va “Termiz” nazorat-oʻtkazish punktidan quruqlik orqali oʻtish amalga oshirilmayapti.
Yaqin orada Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasidagi “Termiz” nazorat-oʻtkazish punktini ochish koʻzda tutilmagan.
Chegarani kesib oʻtishga boʻlgan har qanday urinishlar, ularning sabablaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bartaraf etiladi.
Oʻzbekiston tomoni qator davlatlarga oxirgi 12 kun ichida Afgʻonistondan oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilish boʻyicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yordam koʻrsatib, ularning mamlakatimizga kelishi va Oʻzbekistonni tark etishi faqat havo yoʻli orqali amalga oshirildi.
Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida afgʻon qochoqlarini qabul qilmasligini, tranzitda yordam koʻrsatishini, ularning mamlakatda qatʼiy cheklangan vaqtda boʻlib turishini yana bir bor maʼlum qiladi
Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston bilan anʼanaviy doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda qoʻshni mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qatʼiy sodiqligini yana bir bor taʼkidlaydi.