28-fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron, Quvayt yo‘nalishlarida barcha aviaqatnovlar bekor qilindi. Natijada 28-fevral – 2-mart kunlari Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA dan 1 681 ta fuqarolarimiz ucha olishmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan yurtimiz fuqarolarini O‘zbekistonga qaytib kelishlarini samarali tashkil etish yuzasidan bergan topshirig‘i doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzildi. Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan ShTAB tashkil etildi.
Qator mamlakatlar havo hududining yopiq qolayotganligi hamda vaziyat o‘zgarib borayotganligini, shuningdek, xorijiy mamlakatlar aviatsiya hukumatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda barcha aviakompaniyalar parvozlarni bajarishda amal qilishi lozim bo‘lagan talablar belgilandi.
Hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026-yil 28-fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida parvozlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, mamlakatimiz rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4 948 ta hamda Dubay shahridan 235 ta yo‘lovchilar O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlandi.
Ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqatgina aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish lozim.
Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy ma’lumot manbalaridan foydalanish va tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligining call-markazi 24/7 rejimida ishlaydi: tel. +998 (78) 120-00-72, +998 (71) 200-07-65.