Kelajak egalarini qoʻllab-quvvatlash va ularga munosib sharoitlar yaratishning yangi bosqichi

    Mamlakatimizda 15 Iyul 2021 927

    Mamlakatimizda kelajak egalari boʻlgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun munosib sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

    Yoshlarning oʻz qobiliyati va iqtidorlarini namoyon etishi uchun ularga eʼtibor hamda gʻamxoʻrliklarni yana-da kuchaytirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ayni ishlarning amaliy davomi boʻldi.

    Maʼlumki, yurtimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi tizimda yangi va samarali mexanizm yaratilib, aniq hamda manzilli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Biz soʻz yuritayotgan mazkur Farmonda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida qaralib, shu yilning avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi belgilandi.

    Shu oʻrinda 2020-yilda pandemiya davrida mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 9 ta oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydigan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlaridan 253 nafariga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan bir yillik toʻlov-shartnoma pullari toʻlab berilganligi yoshlar kelajagi uchun gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasi boʻlgan edi.

    Bunday ezgu ishlar “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deya nomlangan 2021-yilda ham davom etib, Prezidentimizning “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida 2021-2022 oʻquv yilida birinchi oʻquv yili uchun “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlov-shartnoma toʻlovining toʻliq summasi toʻlab beriladi.

    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qobiliyatli yoshlarni aniqlash, yoshlarning bilim va iqtidorini munosib ragʻbatlantirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida respublika oliy taʼlim muassasalari orasida birinchilardan boʻlib Talabalar kengashi tashkil etilgan edi. 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur kengash keyingi yillarda “Tengdoshga-tengdosh” tamoyili asosida yoshlar muammolarini oʻrganish va ularga yechim topish, kam taʼminlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam berish borasida ham talaba-yoshlarning haqiqiy suyanchigʻiga aylandi.

    Ayniqsa, bunday yoshlarga institut tomonidan bazaviy stipendiya miqdorining 10 foizidan 50 foizigacha boʻlgan miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar berilib kelinayotganligi kelajak egalari hayotida katta qadamlardan biri boʻldi.

    Shuningdek, Farmonda shu yilning 1-sentyabridan boshlab respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʻqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish sharti bilan taʼlim kreditlari ajratilishi belgilanganligi, ayniqsa, ota-onalar uchun katta qulayliklar yaratadi. Chunki, talaba oʻqish davomida toʻlov-shartnoma pulini toʻlash hamda oʻqishini bitirgandan keyin oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlash orqali mazkur toʻlovlarni toʻlashi yoshlarning oʻz kelajagini oʻzi taʼminlashi va mustahkamlashini anglatadi.

    Soʻnggi besh yilda yurtimizda ilm-fanni yana-da rivojlantirish, ayniqsa, yosh olimlar, izlanuvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish borasida tarixiy oʻzgarishlar, islohotlar amalga oshirildi. Birgina oliy taʼlim sohasida qabul parametrlarining 9 foizdan 25 foizga yetkazilganligi sohada yosh olimlarni yetishtirish hamda ilm-fanga yoʻnaltirish imkonini oshirdi. Nukus davlat pedagogika institutida soʻnggi 3 yilda ilmiy daraja koʻrsatkichi oshib, 2018-yilda 29,4 foiz, 2019-yilda 33 foiz, 2020-yildan shu kungacha esa 33,4 foizni tashkil etdi.

    Farmonda bu boradagi kelgusida amalga oshirilishi belgilangan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritilib, davlat organlari, tashkilot va muassasalarda faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat hamda magistraturasini tamomlagan yoki ularda PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga shu yil 1-oktyabrdan boshlab qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilishi koʻrsatib oʻtilgan.

    Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida mazkur yoʻnalishda samarali ishlar amalga oshirilib, shu kungacha xorijiy davlatlardagi 39 oliy taʼlim muassasasi bilan akademik mobillik, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda tashkil etish, oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini ochish kabi sohalarda ikki tomonlama amaliy ishlar olib borilmoqda.

    Ayniqsa, bu borada yaqindagina institutimiz hamda nufuzli reyting tashkilotlari tomonidan eʼtirof etilib kelinayotgan Pokiston Islom Respublikasining Panjob universiteti bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining yoʻlga qoʻyilganligi va kelgusida ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida talabalar, doktorantlar va professor-oʻqituvchilarni almashish, 6 oydan 1 yilgacha boʻlgan bepul va barcha xarajatlari qoplanadigan oʻquv safarlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish kabi masalalar belgilab olinganligi yoshlarni ilm-fanga yoʻnaltirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

    Umumlashtirib aytadigan boʻlsak, yurtboshimizning mazkur Farmoni kelajak egalari, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari boʻlgan yoshlarimizning oʻqib, izlanib, bilim olib, oʻz ustida doimo ishlab, salohiyatini oshirib borishida muhim hujjat boʻlib xizmat qilari soʻzsiz.

    Bayram Otemuratov,

    Ajiniyoz nomidagi

    Nukus davlat pedagogika instituti rektori,

    fizika-matematika fanlari doktori.