Koʻrgazmada Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etishmoqda.
Kuni kecha “Yashil haftalik — 2024” xalqaro koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosim doirasida Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Uzbekistan” paviloniga borib, u yerdagi Oʻzbekistondan keltirilgan turi xil qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.
Eʼtiborga molik jihati shundaki, koʻrgazmada ishtirok etayotgan turli davlat vakillari aynan “Uzbekistan” paviloniga katta qiziqish bildirmoqda. Yana bir sabab sifatida shuni aytish mumkin, pavilonimizda Oʻzbekistondan kelgan oshpazlarimiz tomonidan palov ham tayyorlandi.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Vengriya qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jolt Feldman oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda chorvachilik yoʻnalishida hamkorlik aloqalari, kartoshkachilik, xususan kartoshkani Oʻzbekiston iqlim sharoitiga mos navlarini yetishtirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon vakillari oʻzaro hamkorlikning istiqbollari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan fikrlar almashdi.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Germaniyaning Federal oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari oʻrtasida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston hamda Germaniya oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Xususan, qishloq xoʻjaligida ilm-fan istiqbollari, ikki tomonlama hamkorlikning “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda bu borada ishchi guruh tuzish masalalari uchrashuvning asosiy muhokama mavzusiga aylandi.