Joriy yilning 15-sentyabr kuni Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) boshqaruvchi direktori Maxtar Diopning O'zbekistonga tashrifi doirasida Moliya vazirligida Bosh vazir o'rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov, moliya vaziri Timur Ishmetov va energetika vaziri o'rinbosari SHerzod Xo'jaev hamda bir qator vazirlik va idoralar, xususiy sektor hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar beradi.
Suhbat davomida iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish bo'yicha loyihalarni amalga oshirishda xususiy sektorni jalb qilishning o'rni va afzalliklari hamda yurtimizning yashil iqtisodiyotga o'tishi va xususiy sektorni iqlimni yaxshilashga yo'naltirilgan loyihalarini amalga oshirish hamda ustuvor sohalarni dekarbonizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, boshqa mamlakatlar namunasida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yashil loyihalarning istiqbollari ko'rib chiqildi.
O'zbekiston iqtisodiyoti rivojlanib borayotgan davlatlar orasida yashil investitsiya bo'yicha yetakchi hisoblanadi. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O'zbekiston hukumatiga iqlim o'zgarishi loyihalariga xususiy investitsiyalarni safarbar etish bo'yicha “ Yo'l xaritasi” ishlab chiqishda yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) boshqaruvchi direktori Maxtar Diopning so'zlariga ko'ra: "COVID-19 pandemiyasidan keyin iqtisodiy tiklanishni tezlashtirish rejasi borasida O'zbekiston iqlim o'zgarishini yumshatish loyihalariga sarmoya kiritish uchun keng imkoniyatga ega. Bu qisqa muddatli manfaatli loyiha bo'lib qolmay, balki yangi ish o'rinlari yaratishda va iqtisodiy o'sishda katta foyda keltiradigan uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishga yo'l ochishi mumkin.
Ma'lumki,O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni Xalqaro moliya korporatsiyasi boshqaruvchi direktori Maxtar Diop boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Muzokaralar chog'ida tadbirkorlik sohasida, biznesni moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini, davlat korxonalarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirishdagi ilg'or tajribani joriy etish borasida hamkorlik qilish, shuningdek, O'zbekistonda “yashil texnologiyalar”ni tatbiq etish, shu jumladan energetika va qishloq xo'jaligidagi innovatsion loyihalarni qo'llab-quvvatlash muhim ekani ta'kidlangan edi.
Abdurauf QORJOVOV