“Yashil makon” kishi dilini quvnatib, havo sofligini taʼminlaydi

    Maktabning atrofiga iqlimga tez moslashadigan 150 dan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi.

    Joriy yilning 2-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali mamlakatimizdagi yashil maydonlarni koʻpaytirish rejalashtirildi.

    Shu maqsadda Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Yashil makon” loyihasi doirasida maktab hududiga mevali va manzarali daraxtlar hamda gul koʻchatlari ekildi.

    Ijod maktabi rahbariyati boshchiligida xodimlar bugungi obodonlashtirish ishlarini oʻzgacha zavq va ishtiyoq bilan amalga oshirishdi. Maktabning atrofiga iqlimga tez moslashadigan 150 dan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Qishki bogʻda ham ish qizgʻin tus oldi. Mavjud gulzorga yana 50 dan ortiq fikus, aleandr, benjamika, palma, geran kabi gul koʻchatlari ekildi.

    Xalqimizda “Koʻchat ek, bogʻ yarat” degan naql bor. Chunki ekilgan koʻchatlar unib-oʻsib chiroyli manzara hosil qilsa ham kishining dilini yayratib, koʻzlarni quvontiradi, ham havoning sofligini taʼminlaydi. Maktab hududining yashil makonga aylanishi, albatta, yosh ijodkorlarning ona-tabiatga mehr qoʻyishlarida, ajdodlarimiz singari ulkan bogʻ-rogʻlar barpo etishlarida, yashillikdan bahra olib, ilhomlanib yangi ijod namunalari yaratishlarida muhim ahamiyatga ega. Ijod maktabida Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan “Dolzarb qirq kunlik” doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish va koʻchat ekish ishlari davom etmoqda.

    Mohidil Ziyayeva,

    Halima Xudoyberdiyeva nomidagi

    ijod maktabi oʻqituvchisi.