Xususan, joriy yilning 13 noyabr kuni Ta'lim inspeksiyasi binosi hududi va atrofiga 300 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxtlar o'tqazildi.

Shu bilan birga, inspektsiyaga yaqin hududda joylashgan Chilonzor va Yakkasaroy tumanlaridagi maktablarga daraxt ko'chatlari beg'araz yordam sifatida yetkazib berildi.

Bundan tashqari, inspektsiya otaliqqa olgan Sergeli tumanidagi 55- va 104-sonli maktablarga ham daraxt ko'chatlari etkazib berilib, o'qituvchilar va o'quvchilar bilan birgalikda maktablar hududida kichik bog'lar tashkil etishga hissa qo'shildi.

Ta'lim inspeksiyasi boshlig'i Ulug'bek Tashkenbayev “Yashil makon” umummilliy loyihasi ahamiyatiga to'xtalar ekan, uning yosh avlodni ona tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalashda ham muhim o'rin tutishini ta'kidladi.

 — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e'lon qilingan loyiha mohiyatini yoshlarga yetkazish juda muhim, — deydi Ta'lim inspektsiyasi boshlig'i. — Chunki loyihaning asosiy maqsadi hududlarni faqat ko'kalamzorlashtirish yoki daraxtlar ekish bilangina cheklanmaydi. Ushbu g'oya yosh avlod ongida tabiatga, atrof-muhitga bo'lgan mehrni oshirish hamda ularda mamlakatimizdagi ekologik muhitga nisbatan daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Xalqaro tajribaga qaraydigan bo'lsak, ko'pgina rivojlangan davlatlarda tabiiy fanlarni tabiat qo'ynida bevosita amaliyot bilan bog'lab o'tiladi, bizda ham ushbu tajribaning qo'llanilishi ta'lim sifatining oshishida yaxshi samara beradi.

Qayd etish lozim, inspeksiyaning hududiy bo'limlari ham mazkur loyiha doirasidagi ishlarni tashkil qilishda ta'lim muassasalariga ko'maklashib kelmoqda, deya xabar beradi Ta'lim inspeksiyasi matbuot xizmati.