Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 2-martdagi “Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Chiroqchi tumanining chegaralari oʻzgartirilib, Koʻkdala tumani tashkil etilgandi.
Ayni paytda tumanda yashaydigan 182 ming nafar aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, hududni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda.
Jumladan, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Koʻkdala pedagogika kolleji hududida 100 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt oʻtqazilgan. Oʻzbekistonda birinchi marta barcha davlat oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida sayyor hayʼat yigʻilishi mazkur kollejda boʻlib oʻtdi.
Unda ham kollejda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida qilingan ishlarni boshqa oliy taʼlim muassasalarida ham joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, koʻp mablagʻ va ortiqcha mehnat talab qilmaydigan, 5-6 yildan soʻng yaxshi daromad manbai boʻladigan terak koʻchati va qalamchalarini barcha professional va oliy taʼlim muassasalarida kamida 5 ming donadan ekish boʻyicha aniq vazifalar berildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunga qadar 34 ta oliy taʼlim muassasasida 1704,5 kVt quyosh paneli, 31 ming litrli quyosh suv isitish qurilmasi, 872 dona quyosh panelli tashqi yoritish chirogʻi oʻrnatilgan. Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil oxiriga qadar quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini barcha oliy taʼlim muassasalarida joriy etish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda talabalar bandligini taʼminlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalarida qilinayotgan ishlar borasida maʼlumot berildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish va toʻliq yakuniga yetkazish choralarini koʻrish topshirildi. Anjuman yakunida ishtirokchilar mazkur taʼlim dargohida yaratilgan yashil bogʻ bilan yaqindan tanishishdi.
Zarif MUQIMOV,
“TIQXMMI” milliy tadqiqot universitetining
Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti
direktori