«Xalqimiz azal-azaldan Navroʻz kunlarida, oilasida farzand tugʻilganida tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yoʻl chetlariga yaxshi niyat bilan koʻchat qadagan, gulu rayhonlar ekkan.
Biz xalqimizga xos bunday ezgu qadriyatlar zamirida besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirib, har yili 200 million tup koʻchat ekib kelyapmiz», – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etildi. Respublikaning togʻ, choʻl va adirlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi.

Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonzorlari yaratildi.

Shamol va qum-chang boʻronlari zararli taʼsirining oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi.

Oʻtgan yilda Xoʻjayli, Yangibozor, Gʻijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy koʻchatxonalar ishga tushirildi.

Bundan tashqari, choʻllanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorakoʻl, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bogʻlari yaratildi.

Bu yerda yetishtirilgan galofit urugʻlari kelgusida minglab gektar yerlarda shoʻrlanishni kamaytirib, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Umuman, oʻtgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.

«Ushbu xayrli ishlarimizga koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, tashabbuskor biznes vakillari, mehnat jamoalari, yuz minglab yurtdoshlarimiz munosib hissa qoʻshayotgani barchamizni quvontiradi», – dedi Prezidentimiz.