“Yashil makon”dagi qoʻshib yozishga aloqador 29 mansabdor javobgarliklikka tortildi

    Yashil sayyora 5 Avgust 2023 1547

    Bosh prokuratura “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli joylarga chiqqan holda oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

    Oʻrganishda masʼullar tomonidan yashillashtirish siyosati va belgilangan vazifalarga sovuqqonlik bilan qarash, hisobdorlikda koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻyib, koʻrsatkichlarni boʻrttirib koʻrsatish holatlari aniqlanmoqda.

    Birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasida koʻchatlar sugʻorish tizimlari mavjud boʻlmagan hududlarga ekilishi hamda masʼullarning eʼtiborsizligi natijasida jami 333,1 ming tup koʻchatlar nobud boʻlishiga yoʻl qoʻyilgani, bajarilgan ishlar hajmiga elektron platforma orqali amalda ekilmagan jami 136,1 ming tup koʻchatlar hisobotlarga qoʻshib yozilgani aniqlandi.

    Bu kabi holatlar, respublikaning deyarli barcha hududlarida yoʻl qoʻyilmoqda.

    Masalan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida obodonlashtirish xizmati tomonidan jamoat joylarida 127,5 ming tup koʻchat ekilgani qayd etilsada, amalda koʻchatlarning aksariyati (90 foizi) qayta ekish uchun moʻljallangan pitomniklardagi qalamchalar boʻlib, markaziy koʻchalarga ekilgan koʻchatlarning 30 foizi sugʻorilmaganligi va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmaganligi natijasi qurib, oʻsuvchanlik qobiliyatini yoʻqotgan.

    Shu kabi, Sirdaryo viloyatida jami 1355 tup daraxt koʻchatlari, Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida ekilgan 3,5 ming tup koʻchatlarning yarmidan koʻpi qarovsizlik oqibatida nobud boʻlgan.

    Shu bilan birga, joylarda masʼullar tomonidan amalda ekilmagan koʻchatlarni hisobotlarda qoʻshib koʻrsatish bilan birga, koʻchat ekilishi uchun ajratilgan mablagʻlar talon toroj qilinmoqda. Masalan, Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 2435 tup amalda ekilmagan koʻchatlar hisobotlarga qoʻshib yozilib, byudjetdan ajratilgan mablagʻlar obodonlashtirish tizimi xodimlari tomonidan oʻzlashtirilgan.

    Shu sababli, barcha hududlarda joriy yilning bahor oyida mahalliy byudjetlar hisobidan umummilliy loyiha uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazilmoqda.

    Hozirga kelib, oʻz vazifalarini bajarishga masʼuliyatsizlik bilan qarab, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalasi hal etilmoqda.

    Prokuratura organlari tomonidan tegishli oʻrganishlar davom ettiriladi.