“Yashil makon”ga aylanayotgan Shirin shahri

    Yashil sayyora 17 Noyabr 2021 3036

    Shirin shahri yaqinidagi boʻz yerlarda koʻkalamzorlashtirish ishlari boshlanib ketdi.

    Hududlarda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida Shirin shahrini koʻkalamzorlashtirish, obod qilish maqsadida yoʻl chetidagi boʻz yerlar, Boyovut hamda Xovos tumanlariga, qolaversa, Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tutash boʻlgan, qarovsiz holatdagi hududlarni obod qilish hamda koʻkalamzorlashtirish maqsadida mevali, manzarali archa hamda pavlovniya daraxtlarining koʻchatlari ekilyapti.

    Bu yerda tayinki, daraxt koʻchatlari zaxirasini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shirin shahrida bu borada ham maqsadli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. 2020-yil mart oyida jami 22 mingdan ortiq manzarali archa daraxti, shuningdek, joriy yilning may oyida jami 5 mingdan ziyod eng tez boʻy koʻrsatuvchi koʻrkam pavlovniya daraxtining novdalari yerga qadalgan edi.

    Bugungi kunga kelib, novdalari boʻy koʻrsatib, archa hamda pavlovniya oʻsimliklari ekish uchun tayyor holatga kelib qad rostladi.

    Shaharning Mirzo Ulugʻbek mahallasida joylashgan dala hovli hududining yoʻl chetiga tutash qismidagi yer maydoni ham uzoq yillardan buyon qarovsiz holatda edi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ushbu hudud koʻchat ekishga tayyorlanib, bu yerlarga pavlovniya hamda manzarali archa koʻchatlari ekildi.

    Hududlarga jami 11 ming 300 ta mevali hamda manzarali daraxt koʻchatlari ekilishi reja qilib olingan boʻlib, bugungi kunga qadar jami 9 ming 300 ta koʻchatlar ekildi. Jumladan, 3 ming 500 ga yaqin mevali, mingdan ortiq terak, mingga yaqin gul koʻchatlari, Yapon saforasi, mingga yaqin Qrim qaragʻayi, pavlovniya, 500 yuzdan ortiq shumtol daraxt koʻchatlari ekildi.

    Bundan tashqari, qayragʻoch, akatsiya, jiyda, Virginiya archasi va boshqa turdagi koʻchatlar ham olib kelinib, hududlarda ekish ishlari olib borilyapti.

    Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati.