Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 49-moddasi mazmun-mohiyatini aholiga teran ochib berish maqsad qilingan mazkur teatrlashtirilgan tomoshada taniqli ekojurnalist, “Ekolog” jamoat birlashmasi direktori, ekolog.uz sayt bosh muharriri Nargis Qosimova dunyo miqyosida tobora global muammo kasb etayotgan suvsizlik, qurg‘oqchilik masalalari to‘g‘risida gapirdi. Bu borada bugun mamlakatimizdagi mavjud vaziyatni tahlil qilib, ushbu modda Konstitusiyaga nihoyatda kerak ekanini, davlat mazkur moddani kiritish orqali ana shunday muammolar borligini tan olganini aytdi.
Ekofaol, biolog Aqidaxonim Mohirova esa chiqindi va uni qayta ishlash muammosi haqida so‘zlab berdi. Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar sohani yanada taraqqiy toptirishiga ishonch bildirdi.
Taniqli shoir Shuhrat Orif ham o‘z so‘zida tabiatni asrab-avaylash kattayu kichik – barchaning burchi ekanini aytib etdi. “Yashil Toshkent” global aksiyaga aylanishi zarurligini, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning boshqa moddalari singari 49-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishni ham qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Yana bir ekofaol, jurnalist Hasan Toshxo‘jayev esa agar insoniyat ona tabiatga nisbatan munosabatini bugun o‘zgartirmasa, ertaga kech bo‘lishini, biz suvni isrof qilayotganimiz, havoni bulg‘ayotganimiz, yerni zaharga to‘yintirayoganimiz orqali o‘zimiz “ona” deb sifatlaydigan tabiatni o‘ldirayotganimizni bildirdi. Yangi tahrirdagi Konstitusiya mazkur muammolarning huquqiy yechimi bo‘lishini qayd etdi.
Jurnalist Shoira Raufboyeva esa ushbu tadbirning ahamiyatini alohida e’tirof etib, kelgusida ham barchamiz ekologiyaga befarq bo‘lmasligimiz, ona-tabiatni birdamlikda asrashimiz kerakligi aytdi. Shu maqsadda “Yashil Toshkent” ijtimoiy harakatini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Spikerlarning barchasi 30 aprel kuni Referenumda o‘z ovozlarini berish orqali kelajakni qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanliklarini bildirdilar.
Taniqli aktrisa Shahlo Zoirova ijrosidagi “Tabiat monologi” hamda Dilshoda Rustamjonova ijrosidagi “Bolalarning kattalarga murojaati” nomli chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Kuy-ko‘shiq va maxus teatrlashtirilgan tomoshalarga boy kechgan mazkur anjuman Ozodbek Nazarbekov hamda Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi “Ona tabiat” qo‘shig‘i bilan yakuniga yetdi.
Tadbirda ekologlar, biologlar, jurnalistlar, blogerlar, yozuvchi va shoirlar, umuman, xalqimizning ziyoli qatlamining 500 nafardan ziyod vakillari ishtirok etdi.













