O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining xabariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining “Oliy sud Rayosatining “O'zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish to'g'risida” 2020 yil 20 martdagi qaroriga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilingan.
Unga ko'ra, barcha sudlarda (toifa hududidan qat'i nazar):
- sud`ya va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy masofani (2 metrni) saqlagan, tibbiy niqob va antiseptik vositalaridan foydalangan holda faoliyat yuritishini ta'minlash;
- barcha turdagi ommaviy tadbirlar (ma'rifat soatlari, seminarlar, konferentsiyalar, davra suhbatlari, o'quv mashg'ulotlari va boshqa ommaviy tadbirlar) ni o'tkazmaslik (sudlar faoliyati bilan bog'liq videokonferentsaloqa rejimida o'tkaziladigan yig'ilishlar bundan mustasno);
- sud binolariga kirish-chiqish joylarini pirometr va antiseptik vositalar bilan ta'minlash, sud muhokamasiga kelgan har bir fuqaroning tana haroratini o'lchab, niqobsiz va tana harorati 370S va undan yuqori bo'lgan holatda, sud binosiga kiritmaslik kabi majburiy talablarga qat'iy rioya etish belgilangan.
Qabul qilingan o'zgartirish va qo'shimchalarga muvofiq “qizil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli to'xtatib turiladi hamda fuqarolarga hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborish tavsiya etiladi. “YAshil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolar qabuliga ruxsat beriladi.
SHuningdek, “qizil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlar tomonidan faqat epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining o'z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko'rsatish va boshqa ma'muriy huquqbuzarliklarga doir; qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo'llash; qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o'zgartirish yoki bekor qilish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; ma'muriy qamoqqa olish; shaxsni g'ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish (statsionarda yotish muddatini uzaytirish); shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g'ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish); fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to'g'risida va boshqa kechiktirib bo'lmaydigan toifadagi ishlar ko'rilishi belgilangan. Sudlar sud buyrug'i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko'rishi mumkin.
Bundan tashqari, ko'rib chiqilish uchun tayinlangan ishlar qoldirilganligi sababli, ularni ko'rilishga qayta tayinlangan vaqti bo'yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.