Yashil vodorod va oʻzgaruvchan qayta tiklanuvchi energiyaga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2021 794

    2021-yil 16-noyabrda Innovatsion rivojlanish vazirligi va AQSH xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) oʻrtasida davra suhbat oʻtkazildi.

    Suhbat “Kelajak energiyasi” hududiy dasturi bilan hamkorlikda “Yashil vodorod, oʻzgaruvchan qayta tiklanuvchi energiyaning (OʻQTE) integratsiyasi, OʻQTEdan ishlab chiqariladigan energiyaning prognozi” mavzusida boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi va uning tarkibidagi mutasaddi korxonalar, Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston koʻp miqdordagi quyosh va shamol energiyasi salohiyatiga ega. Hozirgi kunda, mamlakatda umumiy quvvati 1 500 MVt boʻlgan quyosh va shamol elektrostansiyalarini qurish ishlari boshlangan. 2030-yilda bunday stansiyalarning energetika tizimidagi ulushi 25 foizdan ortishi kutilyapti. Oʻzgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlarining bunday katta ulushi respublika energetika tizimining quvvat balansini tartibga solishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Energiya balansini ishonchli tartibga solish va isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan stabil taʼminlash uchun yetarli miqdorda va sifatli zaxira quvvatlari – “akkumulyatorlar” talab etiladi.

    Bunday zaxiralar manbalari sifatida elektrokimyoviy batareyalar, gidroakkumulyator stansiyalari, suyultirilgan (siqilgan) havo yoki boshqa gaz, superkondensatorlar, mexanik va gravitatsion akkumulyatorlar, “yashil” vodorod gazi va boshqalar ishlatilishi mumkin. Zaxira energiya manbalari ichida oxirgi yillarda ishlab chiqarish tannarxi sezilarli arzonlashayotgan “yashil” vodorod kelajakda salmoqli ulushga ega boʻlishi kutilyapti.

    Tashkil etilgan tadbirda sohadagi dolzarb hisoblangan quyidagi masalalar koʻrib chiqildi va muhokama qilindi:

    - OʻQTEning energetika tizimiga integratsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar;

    - erishilgan muhim oraliq natijalar va tavsiyalar;

    - “Yashil” vodorod: rivojlanish konsepsiyasi va kelajakdagi istiqboli;

    - OʻQTE ishlab chiqarishi miqdorini prognoziga boʻlgan talab, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.