Tadbirkorlik subyektlari bilan oʻtkazilgan muloqotlarda bildirilgan fikrlar hamda keng jamoatchilikning takliflarini chuqur tahlil qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari etib:
- yashirin iqtisodiyot koʻlamini keskin qisqartirish orqali mamlakatda sogʻlom raqobat va xususiy biznesni rivojlantirish;
- yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli sxemalari, xufiyona ishlab chiqarish va noqonuniy moliyaviy oqimlarga barham berish orqali iqtisodiy barqarorlikni va aholi faravonligini taʼminlash;
- iqtisodiyotdagi xufiyona aylanmalarga qarshi kurashuvchi davlat organlari faoliyatining aniq yoʻnalishlarini belgilash orqali masʼuliyati va javobgarligini oshirish;
- keng jamoatchilikda yashirin iqtisodiyotga murosasizlik hissini shakllantirish belgilandi.
Ushbu Farmondan koʻzlangan asosiy maqsad:
- qonunga itoatkor tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyotni repressiv yoʻl bilan emas, balki ularni ragʻbatlantirish mexanizmlari va amaliy koʻmak berish orqali koʻlamini kamaytirish;
- jazolov choralarini kuchaytirishdan voz kechgan holda insofli tadbirkorni himoya qilish, ularga haqiqiy koʻmakchi boʻlish hamda biznes rivojiga toʻsiq boʻluvchi korrupsion omillarga barham berish hisoblanadi.