Yashnobod tuman hokimi oʻzini 62 mln soʻm bilan mukofotladi(mi?)

    2024-yil 23-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Yashnobod tuman hokimi oʻzini 62 mln soʻm bilan mukofotladi” sarlavhasi bilan axborot tarqatildi.

    Mazkur xabar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.

    Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarning hal etilishi, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish, hududlarni rivojlantirish boʻyicha sektorlarning faoliyatiga baho berishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi 536-son qarorida:

    • sektorlar faoliyati samaradorligini baholash Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;
    • baholash natijalari boʻyicha hududlar darajasida “Eng tashabbuskor sektor” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar aniqlanishi va 1-oʻrin uchun BHMning 200 baravari, 2-oʻrin – 150 baravari, 3-oʻrin – 100 baravari miqdorida pul mablagʻi bilan ragʻbatlantirilishi belgilangan.

    Shunga muvofiq, Toshkent shahar hokimining farmoyishiga asosan,

    12 tumanning barcha 48 ta sektori kesimida oʻtkazilgan baholash natijasida Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari B.Raxmankulov 2-oʻrinni egallagan va unga BHMning 150 baravari miqdorida pul mukofoti ajratilishi belgilangan.

    Yuqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, mukofot mablagʻlari mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

    2024-yil 13-martda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Yashnobod tumani hokimining 2024-yil 24-oktyabrdagi qarori qabul qilinib, B.Raxmankulovga 61,9 mln soʻm ajratilishi koʻrsatilgan. Ajratilgan mablagʻdan 12,4 mln soʻm yagona ijtimoiy toʻlov, 5,9 mln soʻm daromad soligʻi ushlab qolinib, B.Raxmankulovga 43,6 mln soʻm pul mukofoti berilgan.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar buzib koʻrsatilgan boʻlib, Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari B.Raxmankulov qonunchilikka muvofiq ragʻbatlantirilganligini maʼlum qilinadi.