YATTlarga zargarlik buyumlarini sotishga ruxsat beriladi

    Qimmatbaho metallarga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:

    • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz;
    • oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yigʻim.

    2028-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga QQSning 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda respublika byudjetidan qaytariladi.

    2025-yil 1-sentyabrdan:

    • YATTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi;
    • Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamgʻalash boʻyicha sayyor xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi;
    • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisida “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot toʻlanadi.