Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimiz tarixi va bugungi kuniga nazar solsak, ilm-fanning rivojlanishi, dunyo talablariga mos ishlab chiqarishning barcha sohalarida sanoat-korxonalarining yildan-yilga takomillashuvi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqimiz farovonligini ta'minlash yo'lidagi dolzarb jarayonlardan biri hisoblanadi.
Shu o'rinda qaysi bir ishlab chiqarish sohasini olmaylik deyarli ko'pchiligi davlat iqtisodiyotiga keltirayotgan foyda bilan bir qatorda tabiat in'om etgan atrof-muhit ekologiyasiga o'zining sezilarli ta'sirini ko'rsatadi. Va bu muammo dunyo davlatlarining ham jiddiy tashvishlariga sabab bo'lmoqda. SHu bois, ekologiya bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish doimiy e'tiborda.
Shu yilning 2- noyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o'tkazilgan videoselektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e'lon qilindi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish rejalashtirilgan bo'lib hozirgi kunda shaharlardagi yashil maydonlarning 8 foizdan 30 foizga oshirilishi rejalashtirildi.
Albatta, ushbu loyihada nafaqat soha vakillari balki, shu Vatanda istiqomat qilayotgan, faoliyat olib borayotgan korxona-tashkilot rahbar- xodimlari, har bir fuqaroning ishtirok etishi uning insoniy burchi bo'lishi lozim.
Davlatimiz rahbarining ushbu muhim loyihasida biz – Geologiya fanlari universiteti rahbariyati, professor-o'qituvchilar, barcha xodimlar kamarbasta bo'lib, "Yashil makon" umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda atrof-muhit ekologiyasi barqarorligini ta'minlash maqsadida universitetning Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan “Oqsoq-ota” o'quv-dala amaliyot bazasida manzarali va mevali daraxt ko'chatlarini ekishni boshladik. Shu bilan birga, loyiha doirasida Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan universitet binolari atrofida hamda Yashnobod tumanidagi universitet avtogaraji hududlarida ham erlar yumshatilib, nihol o'tqazish ishlariga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, Geologiya fanlari universiteti tasarrufidagi barcha hududlarga manzarali va mevali daraxt ko'chatlari o'tqaziladi.
Tabiat bilan o'zaro munosabatning yangi sifatli asosini yaratish, hayot tarzi va atrof-muhitga munosabatning zamonaviy tizimini tobora hayot tarziga aylantirib borish ekologik barqarorlikni kafolatlaydi. Bu boradagi asosiy vazifamiz atrof-muhit muhofazasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta'minlash bo'yicha erishilgan natijalar bilan chegaralanib qolmasdan, belgilangan maqsadlar sari dadil olg'a intilishimiz zarur.
Xalqimizda, “Yaxshidan bog' qoladi” degan naql bor. Bugun biz ekkan nihollar, kelajakda quloch etmas daraxtlar bo'lishi shubhasiz. Zero kelajak avlodga bizdan yaxshi amallarimiz va so'lim bog'lar qolsa, umr degan manzilning mohiyati ham shunda.
Avzal Mirabdullaev,
Gelogiya fanlari universiteti
ma'muriy masalalar va xo'jalik
kompleksini boshqarish bo'yicha prorektori.