Joriy yilning 8 fevral` kuni “Mahallabay” ishlash tizimi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamda Prezident Adminstratsiyasi rahbari ishtirokida bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Milliy universitetiga poytaxtimizning YAshnobod tumanidagi “Muxtor Ashrafiy” mahallasi biriktirilgan edi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-fevraldagi “Mahallabay tizimini joriy qilish bo'yicha mahallalarga biriktirilgan vazirlik va idoralar tomonidan joylarda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar to'g'risida”gi 19-sonli bayoni bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida universitetning manzilli dasturi ishlab chiqildi. Dastur asosida hududdagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo'yicha MFYda universitet rektori Inom Madjidov boshchiligida universitet prorektorlari, yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosarlari, professor-o'qituvchilar va yosh tadqiqotchilardan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan jami 362 ta xonadonda 1448 nafar fuqarolar bilan ijtimoiy suhbat o'tkazildi. O'rganishlar asosida aniqlangan uy-joy, bandlik, ijtimoiy himoya, fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, nafaqa puli, ichimlik suvi, elektr energiya ta'minoti, “Temir daftar”ga kiritish, sog'liqni saqlash, ta'lim, kredit, tadbirkorlik, xavfsizlik kabi 189 ta muammoli holatlarning 68 tasi o'z joyida hal etildi.

Shuningdek, mahallada joylashgan 56 ta ob'ektlar (umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ko'chalar, ko'p qavatli uylar, savdo do'konlari, hududda joylashgan ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish tashkilotlari va boshqalar) universitet ishchi guruhi tomonidan to'liq o'rganilib, ulardagi 77 ta muammoli holatlar (bolalar maydonchasini ta'mirlash, ko'p qavatli binolarni ichki va tashqi ta'mirlash, kanalizatsiya tizimi, sim yog'ochlar, piyodalar yo'lakchasi, ta'mirtalab asfal`t yo'llari, obodonlashtirish ishlari va boshqalar) aniqlandi.

— Bu bo'yicha ma'lumotlar Yashnobod tuman hokimligi shtabiga taqdim etildi, — deydi universitetning Yoshlar bilan ishlash prorektori Kamoliddin Mirzaahmedov.

 Moliya-iqtisod ishlari bo'yicha prorektor Fayzullaxon Dumaev bilan bo'lgan qisqacha suhbatda ham olib borilayotgan tizimli ishlar haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'ldik.

Jumladan, M. Ashrafiy shoh ko'chasi bo'ylab uch kilometr masofada obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oliygohning 12 nafar amaliyotchi psixologlari tomonidan 57 nafar (stress va agressiyaga moyil, oilaviy nizolari mavjud, nogironligi bo'lgan, uyushmagan yoshlar) fuqarolar bilan individual psixologik trening o'tkazilib, 10 nafar ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalarga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shu orqali umumiy qiymati 3,5 million so'm miqdoridagi moddiy yordam ko'rsatilgan.  

Shu bilan birga MFY binosining 28 m2 maydoni to'liq ta'mirlanib, 1 ta xona chet tili to'garagini o'tish ajratildi va kerakli jihozlar bilan ta'minlangan. Ayni paytda 500 dona badiiy va ilmiy adabiyotlar etkazib berilgani ayni muddao bo'ldi. Shuningdek, 2 ta bolalar maydonchasi uchun universitetning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan sport turnik moslamalari, brus jihozlari o'rnatilgan. 

MFYda tashkil etilgan universitet yoshlar bog'ining ochilish marosimida esa katta doshqozonda osh damlanib, hududning kam ta'minlangan, nogironligi bo'lgan, boquvchisini yo'qotgan oilalariga beg'araz tarqatildi.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, olib borayotgan sa'y-harakatlari bilan universitet jamoasi chinakamiga “Yaxshidan bog' qoladi” naqliga amal qilmoqda. Bunday ezgu va amaliy ishlar yurtimiz hududlarining yanada obodonlashuviga, xalqimiz o'rtasida mehr-oqibat, bunyodkorlik kabi qadriyatlarini namoyon etishga xizmat qilishi shubhasiz.