1-iyun juda koʻpchilik mamlakatlarda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kun munosabati bilan A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh.Sharipov respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga tashrif buyurdi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali 70 oʻrinli statsionar, 50 ambulator qatnovga moʻljallangan.
1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti “Biz siz bilan doimo birgamiz” shiori ostida markazda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar olishdi. Koʻngil olish, dalda boʻlish niyatida tashkillashtirilgan uchrashuv, haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Niyat ham shu edi aslida. Dastlab Institut rektori boshchiligida bemorlar davolanayotgan xonalarga kirildi. Shundan soʻng shu markazda davolanayotgan bemor bolalar uchun kichik badiiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida bemor bolajonlarning har biriga bayram munosabati bilan sovgʻalar ulashildi.
Bizning kelajagimiz, boshlagan ezgu ishlarimizning davomchilari, koʻzimizning nuri, qalbimiz sururi boʻlmish bolajonlar bilan hayotimiz obod, koʻnglimiz charogʻon. Shu sababli ham ularning baxtli boʻlishlari uchun hamma narsamizni berishga tayyormiz. Ayniqsa, mana shu kunda mehru muhabbatimiz yana-da oshadi.
Farzandining saodati va baxtiyor damlarini mudom koʻrib yashash har bir ota onaning eng buyuk orzusi, uning sogʻlom voyaga yetishi esa umrining asosiy mazmunidir.
Sh. Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Dilnoza Norqoʻziyeva bugun bemor farzandi bilan birga... 2 yoshli qizi Elnorada bu kasallik alomatlari paydo boʻlganini sezishganida u hali murgʻakkina goʻdak edi. Bolasiga imkon boʻlsa jonini berishga tayyor Dilnozaning qalbida oʻy-xayollarida “bolam shifo topsin” degan niyat bor. Dilnozaning jigargoʻshasi Elnora qatori bu dargohda davolanayotgan bemor bolajonlar uchun bugungi tashrif ishonch va umid berdi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
“bugungi tadbir men uchun quvonchli kunlarimdan biriga aylandi. Farzandim kulgan kun men uchun eng ajoyib kun. Eʼtibordan koʻnglim koʻtarildi. Men qatori umid bilan bolalarini shifo topishini istayotgan ota-onalarga aytilayotgan har bir tilak, shirin soʻz dalda, malham va madad boʻldi” – deydi Dilnoza Norqoʻziyeva
Darhaqiqat dunyoda bola kulgisi, shoʻx-shodon qiyqirigʻidan begʻubor narsa boʻlmasa kerak. Osmon misol musaffo, tim qora koʻzlarini sizga qadagancha, tabassum bilan kuyga hamohang raqsga tushayotgan, jajji qoʻlchalari bilan qarsak chalayotgan, murgʻak qalbi bilan mushohada qilishga urinayotgan, qoʻlidagi sovgʻalarga bolalarcha hayrat bilan boqayotgan bolajonlar nurli chehrasiga koʻzingiz tushganda hayot tashvishlarini unutasiz. Ulardagi begʻuborlik, soflik sizga ham koʻchadi...
“Biz siz bilan doimo birgamiz” shiori ostida Yaxshilik ulashish niyatida tashkillashtirilgan kichik dastur barchaga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Buni samimiy tabassum bilan oʻz minnatdorchiligini bildirayotgan bolakaylar nigohidan sezish mumkin. Umid qilamiz, bu kichkintoylar yaxshilarning shirin soʻzi va mehri bilan shifo topadi...
Gulchehra Sharipova,
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati