Yaxshiyam shu yerga kelibmiz...

    Nefrologik kasallik haqida avval eshitmagan, bilmagan ekanman. Qizimning toʻsatdan ogʻir dardga chalingani yurak-bagʻrimni ezdi. Bor budimni sotib Hindistonga, qizimni davolatish uchun ketmoqchi boʻldim.

    Qizim Sevinch Karimbekova 12 yoshda. Sogʻligʻidagi muammo tufayli ilk bor shifokor huzuriga olib chiqdim. Tekshiruvlardan soʻng avvaliga oʻtkir glomerulonefrit deya tashxis qoʻyishdi. Tibbiy tekshiruv natijalarini Hindistonga joʻnatdik. Chet ellik mutaxassislar qizim buyrak kasalligining boshqa turi — lyupus nefritga chalinganini tasdiqladi. Shundan soʻng poytaxtimizdagi klinikalarda bir necha bor davolandik. Qizim biroz yaxshi boʻlib qolgandek edi. Ammo...

    Oxirgi marta tana harorati koʻtarilgani va shish tufayli shifoxonaga yotqizildi. Qonida zahar koʻpayib ketgandi. Nefrologik kasallik haqida avval eshitmagan, bilmagan ekanman. Qizimning toʻsatdan ogʻir dardga chalingani yurak-bagʻrimni ezdi. Ota-ona uchun farzandi salomatligidan ustun narsa yoʻq. Bor-budimni sotib, Hindistonga qizimni davolatish uchun ketmoqchi boʻldim. Bizga Bolalar milliy tibbiyot markazi haqida aytishdi. Order orqali ushbu shifoxonaga keldik.

    Yaxshiyam kelibmiz. Bu yerdagi sharoitlar rivojlangan mamlakatlar klinikalarinikidan qolishmaydi. Shifokorlar: “Yangi avlod dorilari bor, Xudo xohlasa, qizingiz koʻrmaganday boʻlib ketadi”, deya koʻnglimni koʻtardi. Hozir shifokorlar kerakli hamma choralarni koʻryapti. Tibbiy tekshiruvlar, dori-darmon, gemodializ xizmati — hamma-hammasi bepul. Qizimning soʻnggi tahlil natijalari ham ijobiy xulosalar berdi. Koʻnglimizda umid uygʻondi. Farzandlarimiz salomatligini oʻylab, shunday klinikaga asos solgan davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Barcha-barchasi uchun rahmat!

    Mahbuba TOʻRABEKOVA

    Yangiyoʻl tumani