Koʻplab qulayliklarga ega boʻlgan 2 qavatli yangi markazning foydalanishga topshirilishi tumanda travmatologiya va ortopediya sohasida koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek klinikada fizioterapiya yoʻnalishida ham malakali mutaxassislar zamonaviy diagnostika va davolash apparatlari koʻmagida aholining sogʻligʻini himoyalashni maqsad qilgan.

– Tibbiy muassasamizning loyiha qiymati jami 2,5 milliard soʻmga teng, — deydi loyiha tashabbuskori, shifokor travmatolog-ortoped Muxsinjon Mamajonov. –Asosiy maqsadlarimizdan biri ushbu yoʻnalishlar boʻyicha ogʻrigan bemorlarimizning, tumanimiz aholisining ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, yana yangi tibbiy uskunalar keltirib, qoʻshimcha ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni joriy etishni, xususan shu yerning oʻzida endoskopik jarrohliklarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Qayd etilishicha, tibbiy muassasaning ishga tushishi natijasida 16 ta yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, tez orada binoda yana qoʻshimcha boʻlimlar, fitnes hamda gimnastika zallarining yoʻlga qoʻyilishi bilan, ushbu maskanda bandligi taʼminlanganlarning soni 30 tadan oshadi.

Shu kuni tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan markaz rahbariga ushbu faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya ham topshirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston tumani hokimligi matbuot xizmati.