Yigit omon boʻlsa, xavf-u xatar yoʻq...

    Biz navqiron avlod barkamol, yetuk boʻlib voyaga yetsak, oʻzimizda or–nomus, milliy gʻururni izchil shakllantirib borsak, Vatanimiz ham qudratli kuchga aylanadi.

    Uning tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida bir musht boʻlib birlashishimiz kelajak avlod oldida yuzimizning yorugʻ boʻlishiga ham yul ochadi. Zero, shoir Gʻafur Gʻulom taʼbiri bilan aytganda “Yigit omon boʻlsa, xavf-u xatar yoʻq...”

    Vatan – inson kindik qoni toʻkilgan xonadon tuprogʻidan boshlanadi. Shu bois, inson ilk bor nafas olib, ulgʻayib voyaga yetgan zaminga mehr–muhabbat va sadoqatdli boʻlishi, har bir hovuch muqaddas tuprogʻini koʻzlariga toʻtiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi ham qarz, ham farzdir.

    Bugun milliy armiyamiz yoshlarning irodasini toblaydigan, ularni oʻz Vatani va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan jasorat hamda matonat maktabi sifatida oʻzini namoyon qilmoqda. Oʻgʻlonlarimizda harbiy xizmatga, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga boʻlgan masʼuliyat tuygʻusi yana-da mustahkamlanmoqda.

    Bayram arafasida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati, Zangiota tumani “Quyoshli” qoʻrgʻonidagi harbiy qism va institutda “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida mediaturda boʻlib oʻtdi.

    Tadbir avvalida biz harbiy qism va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida harbiylar – askar va ofitserlar, bulgʻusi aloqachi –kursantlarning yashashi, sport bilan muntazam shugʻullanishi, ularning manaviyatini yuksaltirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, boy kitob fondiga ega kutubxona, eng zamonaviy trinajyorlarga ega, oʻnlab sport turlari bilan doimiy shugʻullanish uchun sharoit muhayyo etilgan yopiq majmua, oʻquv binolarida yaratilgan qulayliklar, innovatsion yangiliklar bilan yaqindan tanishdik.

    Mazkur institut davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining 2019-yil 17-yanvardagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

    – Bu Mudofaa vazirligi tizimidagi birinchi harbiy institutdir,–deydi institut rektori Hakimjon Muhitddinov. – U axborot-kommunikatsiya va aloqa hamda ushbu sohasidagi ilmiy-harbiy tadqiqotlarni tashkil etish uchun ofitser kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Bu yerda Aloqa qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi, Maxsus aloqa va davlat sirlarini muhofaza qilish taktik qoʻmondonlik-muhandisligi, Axborot tizimlari va texnologiyalari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi, Radioelektron razvedka va kurash taktik qoʻmondonlik-muhandisligi, Havo hujumidan mudofaa radiotexnika qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi, Havo hujumidan mudofaa zenit-raketa qoʻshinlari taktik qoʻmondonlik-muhandisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

    Harbiy qismning musiqa xonsida doira, dutor, tanbur, garmon, gitara, qashqar rubob, baraban kabi musiqa asboblarini mahorat bilan chalayotgan yigitlar, kutubxonada esa bir guruh xizmatchi askarlar davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi asosida fikr almashayotgan boʻlsa, yana bir guruhi esa kompyuter texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda elektron kitoblar mutolasi bilan band.

    Ha, Vatanni chin dildan sevgan, ardoqlagan, yuragida unga boʻlgan muhabbat hissi joʻsh urib turadigan mana shunday yigitlargina uning haqiqiy himoyachisi degan sharafli nomga munosibdir.

    Biz navqiron avlod barkamol, yetuk boʻlib voyaga yetsak, oʻzimizda or-nomus, milliy gʻururni izchil shakllantirib borsak, Vatanimiz ham qudratli kuchga aylanadi. Uning tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida bir musht boʻlib birlashishimiz kelajak avlod oldida yuzimizning yorugʻ boʻlishiga ham yul ochadi. Zero, shoir Gʻafur Gʻulom taʼbiri bilan aytganda “Yigit omon boʻlsa, xavf-u xatar yoʻq...”

    Islom ASILBEKOV,

    Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3 bosqich talabasi.