“Yil ayoli” milliy tanlovi respublika bosqichi gʻoliblari taqdirlandi

    Joriy yil 27-dekabrda “Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Tadbirda Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy hayotida xotin-qizlarning ishtiroki tobora kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi.

    Sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi takomillashtirilib, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishida 100ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

    Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi (57 nafar), Senat aʼzolarining 27 foizi (16 nafar), mahalliy Kengashlar deputatlarining 25 foizini ayollar tashkil etadi.

    Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018-yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich oʻtgan davrda ikki barobar oshib, 5,7 foizga yetdi.

    Mamlakatimizning gender tenglik sohasidagi erishgan yutuqlari xalqaro darajada munosib eʼtirof etib kelinyapti. Oʻzbekiston 2024-yilda Gender tenglik va boshqaruv indeksi boʻyicha 72,8 ball toʻpladi. Natijada 2022-yilda qayd etilgan 103-oʻrindan 51 ta pogʻonaga koʻtarilib, 52-oʻrinni egalladi. Ushbu Indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yoʻlida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.

    Tadbirkor ayollar soni ikki barobarga ortib, 205 mingdan oshdi. Ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, ularga imtiyozli shartlar asosida kreditlar ajratish boʻyicha ishlar jadal olib borilyapti.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, “Yil ayoli” milliy tanlovi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF – 87-son Farmoni hamda Oliy Majlis Senati Kengashining 2022-yil 27-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash, ularning faoliyatini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish hamda ilgʻor ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda.

    Joriy yilda mazkur tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida 3 091 nafar ayollar qatnashdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 1 146 nafar ayollar ishtirok etib, 150 nafari respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

    Tanlovda ishtirokchilar 12 ta nominatsiya boʻyicha, shuningdek, birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari tegishli tartibda mukofotlandi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ishtirokchi Nigora Palvanova “Yil ayoli” milliy tanlovining oliy sovrini – Gran-pri sohibi boʻldi. Gʻolib Prezident sovgʻasi – avtomobil bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.