Oʻzbekistonda 2020-yil avgust yakuniga koʻra yillik davrda tovarlar va xizmatlar narxlarining oʻrtacha oʻsish surʼati 11,7 foizni tashkil etdi. Ushbu raqamlar Davlat statistika qoʻmitasi taqdim etgan hisobotda keltirilgan.

“2020-yilning yanvar-avgust oylari davomida isteʼmol bozoridagi narxlar va tariflar oʻrtacha 4,8 foizga koʻtarildi. Yillik davrda (2019-yilning avgustiga nisbatan) tovarlar va xizmatlar narxlarining oʻrtacha oʻsish surʼati 11,7 foizni tashkil etdi”, - deyilgan hisobotda.

Oʻrtacha oylik isteʼmol narxlari indeksi oʻsishi hisoblash natijalariga koʻra, 2020-yilning yanvar-avgust oylari davomida 0,6 foizni, 2019-yilning shu davrida esa 1,0 foizni tashkil etgan.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning yanvar-avgust oylarida tovarlar va xizmatlar oʻrtacha 8,2 foizga qimmatlashgan edi. Yillik darajada bu koʻrsatgich 16,5 foizga oshgan.