Pomidor, bodring va boshqa sabzavot urugʻlarining importi kattaligi, mahalliy sharoitga mos, unumdor va kasallikka chidamli navlar yoʻqligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Meksikadagi xalqaro gʻalla va makkajoʻxori markazi (CYMMIT) bilan hamkorlik oʻrnatib, 500 turdagi yangi nav olib kelgani maʼqullandi.
CYMMIT vakillari Qashqadaryoda gʻalla va ozuqa ekinlari boʻyicha markaz ochmoqchi. Eng muhimi, meksikalik hamkorlar oʻzining tezkor nav yaratish texnologiyasini olib kelayapti. Ushbu markaz faoliyatini rivojlantirishga 3 million dollar yoʻnaltirish topshirildi.
Bundan tashqari, kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan kartoshka yetishtirish xarajatining yarmi uchun 10 foizdan 12 oy muddatga imtiyozli kredit ajratiladi. Kartoshkachilik texnikalari import bojidan ozod etiladi, yuqori avlodli urugʻ xarid qilishda QQSning 50 foizi qaytarib beriladi.