Unda Agentlik rahbariyati, soha mutaxassislari, tashkilot va idoralar matbuot kotiblari, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda AOKA direktori Asadjon Xoʻjayev ishtirokchilarga loyiha toʻgʻrisida tushuntirib oʻtdi hamda Agentlik oldiga qoʻyilgan vazifalar mohiyati haqida soʻzlab berdi.
Aytish kerakki, mazkur dastur loyihasi uch asosiy blokdan iborat:
➖“Ommaviy axborot vositalari va davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mexanizmini takomillashtirish”;
➖“Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan tashkiliy, tarkibiy va iqtisodiy chora-tadbirlar”;
➖“Ommaviy axborot vositalari sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish”.
Loyihaga muvofiq, mazkur masalalarni bosqichma-bosqich hal etish orqali mamlakatda ochiqlik siyosati, OAVni qoʻllab-quvvatlash, sohaga munosib kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish taʼminlanadi.
Xususan, OAVni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, turli ragʻbatlantirish imtiyozlarini qoʻllash, bosma nashrlarni raqamlashtirish, jurnalistlarni himoya qilish, ularga huquqiy yordam koʻrsatish, tele va radiokanallar uchun maxsus grantlar ajratish, jurnalistlar uchun maxsus oʻquv amaliyotlarini tashkil etish kabi muhim masalalar loyihada oʻz aksini topgan.
Tadbirda mutaxassislar hamda jurnalistlar soʻzga chiqib, dastur loyihasi haqida oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar. Ushbu masalalar boʻyicha takliflarni Agentlikka taqdim etish hamda kelgusi muhokamalarda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.