Yiliga 15 million dollar daromad keltiruvchi texnologiya

    Tog'-kon va metallurgiya sanoati davlatimiz iqtisodiyotini tashkil etuvchi asosiy, eng yirik tarmoqlardan biri hisoblanadi.

    Hozirgi kunga kelib, mazkur sanoat tarmogʻida yalpi ichki mahsulotning 9,2 foizi ishlab chiqarilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ichki va tashqi bozorlarni yangi, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan taʼminlashda ilmiy-innovatsion faoliyat nihoyatda muhim.

    Shu munosabat bilan har yili iqtisodiyot tarmoqlarining muayyan muammolarini hal qilish, raqobatbardosh, ilmiy koʻlamdor mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali moliyalashtirilib, bajarib kelinmoqda. Jumladan, geologiya sohasi boʻyicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 8,9 milliard soʻmlik 26 ta amaliy loyiha bajarilmoqda.

    Oʻtgan yili geologiya boʻyicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturi tanlovlarida umumiy qiymati 6,25 milliard soʻmga teng beshta loyiha grant va Navoiy togʻ-kon hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari mablagʻlari hisobidan teng sheriklikda moliyalashtirilmoqda.

    Navoiy togʻ-kon va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida toʻplangan 3 milliard tonna texnogen chiqindini qayta ishlash texnologiyalarini yaratish boʻyicha bir guruh olimlar tomonidan bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida erishilgan yutuqlar alohida eʼtiborga molik.

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi “Fan va taraqqiyot” davlat unitar korxonasi professori, texnika fanlari doktori Mahmudjon Yoqubov rahbarligida olib borilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalari asosida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sanoat metallurgik eritish pechlarida texnogen chiqindi hisoblanuvchi klinkerning tiklovchi xossalaridan foydalangan holda mis eritish texnologik jarayoni modernizatsiya qilindi.

    Mis eritish jarayonida hosil boʻladigan shlaklar bilan misning yoʻqolishi kamaytirildi. Klinker tarkibidagi mis, oltin va kumush metallarini ajratib olishga qaratilgan, qayta ishlash quvvati yuqori boʻlgan energiyatejamkor texnologiya yaratildi. Ushbu natijaga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va kombinatning ishlab chiqarish tarmogʻida band boʻlgan muhandislar guruhi koʻrsatgan amaliy koʻmak tufayli qisqa muddat ichida erishildi. Nazariy, eksperimental tadqiqotlar va ishlab chiqarish sinovlari natijalari 165 ta ilmiy ishda yoritilib, ikkita monografiya, ikkita oʻquv qoʻllanma chop etildi. Bitta mualliflik guvohnomasi hamda yangi ishlab chiqilgan texnologiyalarga uchta patent olindi.

    Eng asosiysi, olimlar tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan yangi texnologiya yordamida kon-metallurgiya kombinatlarida yiliga qoʻshimcha 792,584 tonna mis, 43,3935 kilogramm oltin va 10915,68 kilogramm kumush ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida har yillik iqtisodiy samara 15 million AQSH dollarini tashkil etadi.

    Mis eritish shlaklaridan barcha qimmatbaho moddalar maksimal darajada ajratib olingandan soʻng shlaklarni toʻplashga zaruriyat qolmaydi. Ular uchun ajratiladigan maydonlar boʻshatilib, kombinatning ishlab chiqarish ehtiyojidan kelib chiqqan holda boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi. Shlak qoldiqlaridan qurilish materiallarini tayyorlash texnologiyasi yaratilib, kombinat uchun yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish mumkin. Bu yangi marralarni zabt etish uchun olimlarimiz oldida yangi maqsad va vazifalar turibdi, demakdir.

    Shahnoza KOMILOVA,

    Innovatsion rivojlanish vazirligining

    sanoatni rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi