Oʻrganishlar natijasida Gurlan tumani FHDY xodimlari koʻmagida ushbu tumanda istiqomat qiluvchi bir oilaning tugʻilganligi qayd etildi. Asli Turkmanistonlik, taqdir taqozosi bilan Oʻzbekistonga kelin boʻlib kelgan Sayyara Toliyevaning shu kunga qadar hech qanday shaxsini tasdiqlovchi hujjati mavjud emasligi aniqlandi. Shu sababdan, uy sharoitida dunyoga kelgan 4 nafar farzandi ham rasmiy hujjatlarsiz katta boʻlishgan.

Tuman FHDY boʻlimi xodimlarining amaliy koʻmagi bilan Toliyeva Sayyoraga «1993-yildagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida»gi Minsk Konvensiyasi orqali Turkmaniston Respublikasiga yuborilgan soʻrovnomaning javobiga asosan tugʻilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Darhaqiqat, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga nisbatan eʼtiborsizlik va farzandlariga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma rasmiylashtirish boʻyicha oʻz vaqtida murojaat qilmaganligi tufayli S.Toliyeva oʻzi va 2002-yilda tugʻilgan Surayyo, undan 2 yil keyin tugʻilgan Zarifa (2004-yil) va 2013-yilda tugʻilgan egizak farzandlari Hasanboy va Husanboylar oradan yillar oʻtib “metrika”ga ega boʻlishdi.

Endilikda bu oila aʼzolari boshqalar kabi oʻz huquqlaridan foydalanishlari mumkin. Hozirda S.Toliyeva va uning turmush oʻrtogʻini qonuniy nikohdan oʻtkazish choralari ham koʻrilmoqda.