Har bir mamlakatning kelajagi, ertasi uning yoshlari nechogʻlik salohiyatli ekanligi bilan uzviy bogʻliqdir. Shu sababli ham davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor kun sayin ortib bormoqda.
Bojxona organlarida ham bugungi kunda yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarni ijobiy hal etish, iqtidorlarini namoyon etishlariga koʻmaklashish asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasida yoshlar oyligi doirasida oʻtkazilgan “Yilning eng faol yosh bojxonachisi” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichi ham soʻzimizning yaqqol dalilidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tanlovda hududiy bosqichlarda yuqori natijalarga erishgan 19 nafar yosh xodimlar oʻz gʻoya va takliflari bilan ishtirok etishdi. Tanlov davomida hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilarning tizimdagi yoshlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan konseptual gʻoyalari odilona baholab borildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, Qoraqalpogʻiston bojxona boshqarmasi xodimi D.Ismailova 3-oʻrin, “Toshkent-Aero” Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimi Sh.Toshtemirov 2-oʻrin va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimi Sh.Normamatov faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritishdi.