Oliy sud tuzilmasida :

  • yirik investorlar va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolarni ($20 mln ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar);
  • raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibi tashkil qilinadi.

Sudlov tarkibi tegishli ishlarni yirik investorlarning va raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, birinchi instansiya sudi sifatida koʻradi. Qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrilishi mumkin.

Shuningdek, Oliy sudda apparat rahbari paydo boʻladi, u boshqarmalar va boʻlimlar faoliyatini tashkillashtiradi va muvofiqlashtiradi. Lavozim Oliy sud Plenumiga hisobdor, Oliy sud raisining taqdimnomasiga asosan Oliy sud Plenumi tomonidan lavozimiga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Bundan tashqari, oliy sud instansiyasi tuzilmasida 2 ta boshqarma:

  • sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi, unga Sudyalar oliy maktabining Sud amaliyoti muammolarini oʻrganish markazini tugatish hisobidan boʻshayotgan 9 ta shtat birliklari beriladi;
  • jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik boshqarmasi tashkil etiladi. Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda matbuot xizmatlari paydo boʻladi.

Yaqin ikki oyda Oliy Majlisga Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi kelib tushishi kerak. Loyihaga asosan 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

  • viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bunda sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvi saqlab qolinadi va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlari tashkil etiladi;
  • maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga qaytariladi (2017-yil 1-iyundan boshlab - maʼmuriy sudlar vakolatida, tahr.);
  • Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlari tashkil etiladi. Shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tugatiladi, biroq Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinadi;
  • Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom tumanlari iqtisodiy sudlari tugatiladi;
  • fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut, Soʻx, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlari, Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqalʼa tumanlari sudlari tashkil etiladi;
  • Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda hududiy sudlar sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish mumkin.

Bundan tashqari, shuningdek kelasi yildan boshlab:

a) sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatiladi, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi;

b) jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi joriy qilinadi, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritiladi;

v) sud ishini yuritishning quyidagi qoidalari joriy etiladi:

  • tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin;
  • apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin;
  • Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqilishi mumkin;
  • davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatishga sabab boʻladi;
  • prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganilishi mumkin;
  • qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas.

2020-yil 1-noyabrga qadar yuqorida taʼriflangan barcha yangiliklar rasmiylashtiriladigan yangi tahrirdagi «Sudlar toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi va Qonunchilik palatasiga kiritilishi kerak.

Oleg Zamanov.