Yirik IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etishda EUROUZ hamkorlik qiladi

    Xalqaro hamkorlik 19 Iyul 2022 1225

    Joriy yil 18-iyulda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Bosh kotibi Oybek Shayxov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda AKT sohasida oʻzaro hamkorlik qilish, Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) orqali Yevropa davlatlarining yirik IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etishda hamkorlik qilish hamda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar toʻgʻrisida gaplashildi.

    Uchrashuv davomida AKT vaziri mamlakatimizda ham autsorsing xizmatlari (BPO va KPO) rivojlanganini aytib oʻtdi. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida BPO xizmatlarini rivojlantirish va shu tariqa IT mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb qilish hamda yuqori maoshli ish bilan taʼminlashdan iborat ekanligini qayd etdi.

    Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik qilish borasidagi fikr va mulohazalari tinglandi. Kelgusida manfaatli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha masalalar gaplashib olindi.

    Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini qayd etib, axborot texnologiyalari sohasida sheriklikni rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.