Yirik kredit qarzdorligi bor tashkilotlar mulki xatlanmoqda

    Qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf etilmasa mulklar auktsion savdolariga chiqariladi

    Samarqand viloyat hokimligida bo'lib o'tgan faollari yig'ilishida “Xalq banki” va “Agrobank” tomonidan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarga ajratilgan muammoli kreditlar masalasi tilga olingan edi.

    Jumladan, yig'ilishda tijorat banklaridagi kredit qarzdorligi haddan tashqari oshib ketgani aytildi. Bir qator yirik korxonalar bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan, to'lash qobiliyatiga ega bo'lsada, milliardlab so'mlik qarzdorlikni to'lamasdan kelgani misollar bilan ko'rsatildi.

    Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, ayni kunlarda tijorat banklari va Majburiy ijro byuro hamkorligida sudning tegishli qaroriga muvofiq jismoniy shaxs va tadbirkorlarning kredit qarzdorligini undirishga qaratilgan avtomobillar, traktor hamda savdo shoxobchalari xatlovdan o'tkazilmoqda.

    Misol uchun, Agrobank tomonidan “Yangihayot ideal” MChjning garov ob'ekti bo'lgan noturar joyi, “Shodmon bobo oltin dalalari” fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan traktor va “Neksiya-2” avtomobili kredit qarzdorligi uchun xatlanib, jarima maydonchasiga olib qo'yilgan. Yana qator yirik qarzdorligi bo'lgan korxonalarning mulklari xatlangan.

    Majburiy ijro byurosi xabariga ko'ra, olingan qarzdorliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa xatlov va jarima maydonchasiga olingan mulklar auktsion savdolariga chiqariladi.