Shoir Chustiy mumtoz adabiyotimiz bilan yangi davr adabiyoti oraligʻidagi koʻprikni yaratgan va aruznavislik sanʼati anʼanalarini rivojlantirgan adiblar sirasiga kiradi. Shunga koʻra u Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy kabi gʻazalnavis va qoʻshiqchi shoirlar qatoridan munosib oʻrin egallaydi.
– Ushbu kitobda shoir Chustiy ijodiga chizgilar, xotiralar, esselar, bagʻishlovlar jam boʻlgan, – deydi masʼul muharrir Maʼmura Zohidova. – Kitobning afzalligi shundaki, jamiki maʼlumotlar hissiy kechinmalar, samimiy insoniy munosabatlar qurshovida yoritilgani uchun oson oʻqiladi va kishi qalbiga mustahkam muhrlanadi.
Tadbirda adabiyotshunos olim Sultonmurod Olim, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Rustam Mirvohid, Namangan viloyati Yozuvchilar uyushmasi rahbari Ziyovuddin Mansur Chustiy gʻazallari, ijodiyoti va uning mazmun-mohiyati haqida gapirdi. Taqdimotda taʼkidlanganidek, har qanday shoir ijodini tushunish uchun, uning shaxsini, koʻngil ruhiyatini anglash kerak. Uning ruhiyati satrlar qaʼriga yashirilgan soʻz ostidagi maʼno va maʼno zamiridagi mohiyatni ilgʻash kerak boʻladi. Ana shu jihatni Chustiy sheʼriyatida anglash mumkin.
– Chustiy ijodining oʻziga xosligi, u doim xalqdan olib, xalqqa berar edi, – deydi oʻgʻli Baxtiyor Xoʻjayev. – Koʻrgan-kechirganlarini gʻazal tarzida muxlislariga tuhfa etardi. Yurtimizda adabiyotga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu oʻrinda otamning ijodiga boʻlgan eʼtibor, bugungi kitob taqdimotidan oilamiz benihoya xursand. Buning uchun barcha tashkilotlarchilarga tashakkur, deyman.
Toʻplam adabiy-badiiy nashr boʻlib, 2020-yilda “MASHHUR-PRESS NASHRIYOTI”da 1000 nusxada chop etilgan. Taqdimotda Chustiy gʻazallari oʻqildi. Uning sheʼrlari, gʻazallariga bastalangan qoʻshiqlar hofizlar tomonidan ijro etildi. Tadbir soʻnggida yigʻilganlarga “Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham” kitobi ulashildi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist











