Respublikamizda yogʻoch va yogʻochsozlik sanoati xom ashyo bazasini mustahkamlash, mebel sanoatida yogʻoch mahsulotlari xom ashyosiga boʻlgan ehtiyojni qondirish, ularni import qilish hajmini kamaytirish, shuningdek, mebel va yogʻochsozlik sanoatini yana-da rivojlantirish borasida bir qator tizimli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Prezident va Hukumatning tegishli farmon, qaror va farmoyishlari qabul qilinishi yogʻoch va yogʻochsozlik sanoatining yana-da rivojlanishida turtki boʻlib xizmat qilmoqda.

Xususan, joriy yilning 19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yogʻochsozlik sanoati xom ashyo bazasini mustahkamlash va sohani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 84-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Respublikada yogʻochsozlik sohasining xomashyo bazasi mustahkamlanishi, mebel sanoatining barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish orqali yogʻoch importi hajmi kamaytirilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, 2021–2022-yillarda Respublika hududlarida:

  • qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 3 173 gektar zaxiradagi yerlarda;
  • oʻrmon fondining jami 1 327 gektar togʻoldi va adir yerlarida yongʻoq, chinor, shumtol, qayragʻoch hamda boshqa mebelbop daraxt turlari ekiladi.

Mazkur plantatsiyalarni tashkil etish uchun jami 2 783,6 ming dona koʻchat yetishtirish nazarda tutilgan.

2021-yil 10-martdan boshlab mebel sanoatida yogʻoch xomashyosi sifatida foydalaniladigan pavlovniya, yongʻoq, chinor, shumtol, qayragʻoch hamda boshqa daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etuvchilarga zarur koʻchat ekish materiallari shartnoma asosida yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyildi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilning 5 oyi davomida respublikamizga xorijiy davlatlardan qiymati 227,5 million AQSH dollariga teng boʻlgan yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari import qilingan.

Import qilingan yogʻoch va yogʻoch mahsulotlarining eng katta ulushiga ega boʻlgan davlatlar:

Rossiya – 201,7 million.

Xitoy – 7,9 million.

Eron – 4,9 million.

Belorus – 3,6 milion.

Qozogʻiston –3,6 million AQSH dollari

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning 5 oyida Oʻzbekistonga 36 ta xorijiy davlatlardan yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari import qilingan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasida yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari 44 guruhda, mebel mahsulotlari esa 94 guruhda tasniflanadi.

Bugungi kunda import qiluvchilar yogʻoch va yogʻoch mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvida 15 foiz qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 7-iyuldagi “Ichki bozorni yogʻoch-taxta materiallari bilan toʻldirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ilovasiga muvofiq yuridik shaxslar tomonidan import qilinadigan yogʻoch-taxta materiallari, yogʻoch-taxta va yogʻochdan yasalgan buyumlarning ayrim turlari import bojxona boji toʻlashdan ozod qilingan.

Jamol ISRAILOV,

“Sirgʻali” TIF bojxona posti inspektori