Qonunga koʻra:
— boshqa transport vositalarining harakatiga qasddan toʻsqinlik qilish;
— harakatlanish burchagini va (yoki) tezligini saqlagan holda transport vositasini sababsiz sirpantirish (drift);
— oʻz yoʻnalishida harakatlanish boʻlagini sababsiz keskin ravishda uch va undan ortiq marta uzluksiz oʻzgartirish (bundan maxsus ajratilgan joylarda sodir etish mustasno);
— yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etish kabi
qoidabuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (9 mln 375 ming soʻm) miqdorida jarima va (yoki) 1-yildan 2-yilgacha muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Yana bir maʼlumot: xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 mln 750 ming soʻm) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh boʻlib harakatlanishda qatnashgan transport vositalari haydovchilarining jarima miqdori BHMning 3 baravaridan 5 baravariga (1 mln 875 ming soʻm) oshirildi.