Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy boʻlimi inspektori Salimjon Nishonboyev OʻzAga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, yoʻlkira uchun toʻlovlarni naqd toʻlash amaliyoti bekor qilinishi ortidan chiptachilar faoliyatidan voz kechildi. Bugungi kunda poytaxtimizda 2644 ta avtobekat boʻlsa, ular atrofiga 5500 ta QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar oʻrnatilgan. Agar yoʻlovchi naqd pul orqali toʻlov qilmoqchi boʻlsa, QR-chiptani xarid qilish uchun toʻlov infokiosklaridan foydalanishi mumkin. Yoʻlovchi bir martalik toʻlov uchun QR-chipta olsa yoʻl haqi 3000 soʻm, “ATTO” kartasi yoki mobil ilova orqali toʻlaganda 1700 soʻmni tashkil etada.
— Agar yoʻlovchi yoʻl haqini naqd koʻrinishda qabul qiladigan boʻlsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak. Vaziyat Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi safar ogohlantirish beriladi. Ogohlantirishga qaramasdan huquqbuzarlik takrorlanadigan boʻlsa, oʻrnatilgan tartibda haydovchiga ham yoʻlovchiga ham maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishga toʻgʻri keladi, — deydi Salimjon Nishonboyev
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasi hamda 145-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Yaʼni, yoʻlovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasiga asosan tuziladi va bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan biri miqdorida jarima belgilanadi. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 375 ming boʻlsa, 37 ming 500 soʻm miqdorida fuqaro jarimaga tortiladi. “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha avtobuslarga nazorat kameralari oʻrnatilgan.