Yoʻl harakati sohasidagi qonunchilik zamon talablariga moslashtirilmoqda

    Transport 10 Avgust 2021 4187

    Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida transport vositalari haydovchilariga qulayliklar yaratuvchi quyidagi yangiliklar koʻzda tutilgan:

    - haydovchilarga transport vositasini boshqarayotganda qoʻllarini ishlatmasdan muloqot qilish imkonini beruvchi minigarnituralar va boshqa texnik qurilmalar orqali telefondan foydalanish huquqi beriladi. Shuningdek, transport vositasini boshqarayotganda telefondan foydalanish huquqbuzarligini jazo qoʻllanilgandan soʻng bir yil davomida takroran sodir etilgandagi kuchaytirilgan javobgarlik chorasi bekor qilinadi;

    - avtomobil salonining old qismiga monitor (displey) oʻrnatganlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi;

    - haydovchilarga, agarda ularning Oʻzbekiston Respublikasida berilgan biometrik pasporti yoki ID-kartasi yonida boʻlsa, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, tex. pasportni, sugʻurta polisini yonida olib yurmasdan transport vositasini boshqarish huquqi beriladi;

    Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi DYHXX xodimi tomonidan elektron tizim orqali transport vositasi toʻxtatilgan joyda mustaqil tekshiriladi. Mazkur yangilikni amaliyotga joriy qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga kerakli integratsiya ishlarini 2021-yil 1-dekabrga qadar yakunlash vazifasi yuklatiladi.

    - harakat tezligini oʻlchashda, tezlikni oʻlchaydigan maxsus qurilmalar tomonidan qayd etilgan tezlik koʻrsatkichlaridan qurilmalar tomonidan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan soatiga 5 kilometrlik nuqsonni ayirib tashlash boʻyicha qoida joriy etiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.