Qarorga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yoʻllar, trotuarlar va boshqa yoʻl infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yoʻl obyektini har qanday koʻrinishda taʼmirlash, buzish, qazish, oʻzgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan soʻng amalga oshiriladi;
- ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda YAIDXP (my.gov.uz) orqali 5 kun muddatda koʻrsatiladi;
- ruxsatnoma yoʻl obyektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bogʻliq yoki boshqa kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi;
- ruxsatnomada yoʻl obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yoʻl obyektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli maʼmuriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab boʻlishi haqida ogohlantirish koʻrsatiladi;
- yoʻl obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun koʻrinadigan joyga ilib qoʻyilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga koʻra taqdim etilishi shart hisoblanadi;
- ruxsatnoma olmasdan turib yoʻl obyektida qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, qurilish va taʼmirlash ishlari maydonida belgilangan tartibda ruxsatnomani ilib qoʻymaslik yoki taqdim etmaslik, qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini koʻrmaslik, shuningdek, qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng yoʻl obyektining avvalgi holatini tiklash boʻyicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.